Nursulton Nazarboyev Navro‘z kuni Samarqandga keldi
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bilan tabriklash maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Prezident matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, oliy martabali mehmonni Prezident Shavkat Mirziyoev kutib oldi.
Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ikki davlat rahbarining uchrashuvi o‘tkazildi.
«Qardosh o‘zbek va qozoq xalqlari azaldan yonma-yon yashagan, yaxshi kunlarda ham, qiyinchilik damlarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlagan. Bunday do‘stlik va ahillik bugungi kunda xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarga mustahkam asos bo‘lmoqda.
Shavkat Mirziyoev va Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatlarimiz vazirlik va idoralari, hududlari o‘rtasidagi aloqalar faollashdi. Transport yo‘laklari ochilib, temir yo‘l va avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.
Madaniy-gumanitar hamkorlik kengaydi. San’at va madaniyat namoyandalari, shoir va yozuvchilar ikki mamlakatdaga ko‘rgazma va festivallar, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili o‘tkazilayotgani xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi», deyiladi xabarda.
Prezidentlar mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi samimiy munosabatlar har qachongidan ham mustahkamlanib borayotganini qayd etib, chegaralardagi yengilliklar ikki mamlakat xalqlarining o‘zaro bordi-keldisi uchun keng yo‘l va imkoniyatlar ochgani, bunda eng katta maqsad bo‘lgan xalqlarimiz roziligiga erishilganini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati yuqori baholandi, uni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoev Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Birinchi Prezident qabriga gul qo‘yilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi, Qur’on tilovat qilindi.
Qozog‘iston Prezidenti Shavkat Mirziyoev hamrohligida Samarqandning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
manba: “kun.uz”
Kiritilgan vaqti: 22/03/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1828
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:57