Noyabr Abul Muin Nasafiy ijodini o‘rganish oyligi
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan ulug‘ alloma Abul Muin Nasafiy ziyoratgohini obod qilish, ilmiy-ma’naviy merosini tadqiq etish, asarlaridagi bugungi kun uchun dolzarb bo‘lgan hikmatlarni yosh avlodga yetkazish borasida juda ko‘p ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, Abul Muin Nasafiyning o‘z davrida paydo bo‘lgan aqidaparast oqimlarga qarshi turganlari, sog‘lom e’tiqod borasida tinmay izlanishlar olib borganlari va, muxtasar qilib aytganda, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashganlari bugungi kun uchun juda ham katta ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan allomaning “Tabsiratu adilla” asari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, mo‘min-musulmonlarga tuhfa qilindi. Mana shu yo‘nalishdagi ishlarni uzviy davom ettirish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi tashkilotlarda 2017 yilning noyabr oyini alloma Abul Muin Nasafiy ijodini o‘rganish oyi deb e’lon qilindi.
Shu maqsadda Abul Muin Nasafiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan juma tezislari tayyorlash, “Hidoyat” jurnali, “Islom nuri” gazetasi va internet saytlarida maqolalar e’lon qilish hamda diniy ta’lim muassasalarida tadbirlar o‘tkazish belgilangan.
Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda barchani faollikka chaqiramiz.
Manba: “www.muslim.uz”
Kiritilgan vaqti: 30/10/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2755
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 16:25