O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muzakkir – eslatuvchining odobi haqida

 
 

Faqih Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh aytadilar: Muzakkir ya'ni da'vatchida bo‘lishi shart bo‘lgan eng birinchi xislat bu solihlikdir, chunki solih bo‘lmasa, aqlli kishilar undan qochib, faqat nodonlar ergashadi. Natijada olam fasod bo‘ladi. Solih bo‘lmasa, so‘zi qalblarga foyda bermaydi.

Muzakkir yana taqvodor bo‘lishi, sahih bo‘lmagan hadisni rivoyat qilmasligi kerak. Chunki Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisda aytiladiki: “Kim bir hadisni rivoyat qilsa va uni yolg‘on deb o‘ylasa, u yolg‘onchilarning bittasidir”.

Shuningdek, da'vatchi majlisni cho‘zib yubormasligi lozim. Agar cho‘zib yuborsa, insonlar malollanib qoladi va bu hol ilmning barakasini ketkazadi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: “Qalblarda faollik va yuzlanish, ularning kelishi va qaytib ketishi bor. Qavm sendan ilmni qabul qilish uchun yuzlanganida gapir”.

Zuhriy rivoyat qiladilar: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Qalblarga bir soat-bir soat dam beringlar”, deb aytdilar”.

Zayd ibn Aslam otasidan rivoyat qiladi: “Bani Isroildagi bir qozi qavmiga uzun-uzun mav'iza qilar edi. Bas, ularni malollantirib qo‘ydi, natijada o‘zi ham la'natlandi, ular ham la'natlandilar”. Muzakkir (eslatuvchi, da'vatchi) muloyim, tavoze'li bo‘lishi, mutakabbir, dag‘al, qo‘pol bo‘lmasligi lozim. Chunki tavoze' va muloyimlik Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning axloqlaridir. Alloh taolo Qur'oni karimda: (Ey Muhammad), Alloh tomonidan bo‘lgan bir marhamat sababli ularga yumshoq so‘zli bo‘ldingiz. Agar qo‘pol, qattiq dil bo‘lganingizda edi, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lar edilar (Oli Imron, 159), deb aytgan.

Agar u insonlarga namoz, ro‘za, sadaqaning fazilatlaridan biror narsani xabar bermoqchi bo‘lsa, avval o‘zi aytayotganiga amal qilishi lozim. Toki quyidagi oyat ahlidan bo‘lib qolmasin: “Odamlarni yaxshilikka chorlab, o‘zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o‘zlaringiz kitob tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi? (Baqara, 44).

 Ibrohim Naxa'iy aytadilar: “Men uchta oyat sababli qissa aytishni yomon ko‘rdim”. Darhaqiqat, u oyatlarni yuqorida zikr qilib o‘tdik.

Muzakkir Qur'on tafsirlarini, xabar-hadislarni, fuqaholarning so‘zlarini o‘rgangan bo‘lishi kerak. Ali ibn Abu Tolib insonlarga hikoya aytayotgan kishini ko‘rib: “Nosix va mansuxni bilasanmi?” deb so‘radilar. U: “Yo‘q”, dedi. Shunda Ali unga: “Halok bo‘libsan va halok qilibsan”, dedilar. Muzakkir gapirayotganida bir kishiga emas, ommaga yuzlanishi lozim. Habib ibn Abu Sobit aytadilarki: “Gapirayotganda faqat bir kishiga yuzlanmasdan, butun jamoaga qarab gapirish sunnatdir”. Muzakkirning tama'gir bo‘lishi aslo mumkin emas. Chunki tama insonning obro‘sini tushiradi, yuzining va ilmining qadrini ketkazadi. Ammo, bir inson masala so‘ramasdan oldin unga hadya bersa, uning hadyasini qabul qilishining ziyoni yo‘q.

Muzakkirning majlisida xavf va rajo bo‘lishi lozim. Majlisning hammasini butunlay xavf yoki faqat rajo qilmaydi. Chunki bundan qaytarilgandir. Agar muzakkir majlisni uzun qilishni xohlasa, unga majlisning orasida insonlarga yoqadigan va tabassum qilinadigan so‘zlarni qo‘shishi mustahab. Chunki bu ish eshitishga qiziqish va iqbolni ziyoda qiladi. Umar roziyallohu anhu haqlarida rivoyat qilinishicha, agar u kishi majlisga o‘tirsalar, insonlarni oxiratga rag‘batlantirar va dunyoga berilib ketishdan qaytarar edilar. Agar insonlarning dangasalik qilayotganini ko‘rsalar, daraxt ekish, bino tiklash, devorlar qurish haqida gapirar edilar. Agar insonlarni g‘ayratli, shijoatli holatda ko‘rsalar, oxirat zikriga qaytarardilar.

Bo‘stonul Orifiyn kitobidan


Kiritilgan vaqti: 24/12/2020 16:00;   Ko‘rilganligi: 703
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/muzakkir-eslatuvchining-odobi-haqida
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 10:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing