O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muslima ayolning g‘ayridinga turmushga chiqishi

 
 

511-CAVOL: Oxirgi paytlarda muslima ayol-qizlar g‘ayridin erkaklarga turmushga chiqib ketayotganini tez-tez eshitib qolyapmiz. Bu ish shariatimizda mumkinmi?

JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Muslima ayolning musulmon bo‘lmaganga turmushga chiqishi Qur'oni karim, sunnat, ijmo' va aqliy dalillar bilan harom va botil amaldir.

Qur'oni karimdan dalil: Alloh taolo aytadi:


وَلَا تُنْكِحُوا الْمُشْرِكِينَ حَتَّى يُؤْمِنُوا وَلَعَبْدٌ مُؤْمِنٌ خَيْرٌ مِنْ مُشْرِكٍ وَلَوْ أَعْجَبَكُمْ أُولَئِكَ يَدْعُونَ إِلَى النَّارِ وَاللَّهُ يَدْعُو إِلَى الْجَنَّةِ وَالْمَغْفِرَةِ بِإِذْنِهِ وَيُبَيِّنُ آَيَاتِهِ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَذَكَّرُونَ

(البقرة:221)

“Mushrik erkaklarga, to imon keltirmagunlaricha, (mo‘mina qizlarni) nikohlab bermangiz. Zero, hur mushrikdan ko‘ra imonli qul yaxshiroqdir, garchi u (mushrik) sizlarga manzur tuyulsa ham. Ular (mushriklar) do‘zaxga chorlaydilar. Alloh (esa) o‘z izni bilan jannatga va mag‘firatga chorlaydi va eslatma olishlari uchun odamlarga o‘z oyatlarini bayon etadi” (Baqara, 221-oyat).
Mashhur mufassir olim Abu Ja'far Tabariy aytadilar: “Alloh taolo mo‘mina ayollarga mushrikka, u kim bo‘lishidan qat'iy nazar va qanday shirkda bo‘lsa ham turmushga chiqishini harom qildi” (“Tafsiri Tabariy” kitobi). Imom Qurtubiy aytadilar: “Ushbu oyatda “Muslima ayolni mushrikka turmushga bermang”, deyilmoqda. Islom ummati mushrik erkak hech qanday yo‘l bilan mo‘mina ayolning eri bo‘la olmasligiga ijmo qilgan. Zero, mushrikning muslimaga erlik qilishida Islomni xorlash bor!”. Alloh taolo aytadi:


فَإِنْ عَلِمْتُمُوهُنَّ مُؤْمِنَاتٍ فَلَا تَرْجِعُوهُنَّ إِلَى الْكُفَّارِ لَا هُنَّ حِلٌّ لَهُمْ وَلَاهُمْ يَحِلُّونَ لَهُنَّ

(الممتحنة:10)

“Ey, mo‘minlar! Qachonki, sizlarga (Makka kofirlari tomonidan) mo‘mina ayollar hijrat qilib kelsalar, ularni imtihon qilib ko‘ringiz! Alloh ularning imonlarini (bor yoki yo‘qligini) yaxshiroq biluvchidir. Bas, agar ularning (haqiqatan) mo‘mina ayollar ekanini bilsangiz, u holda ularni kofirlarga qaytarmangiz! Bular (ular) uchun halol emas va ular bular uchun halol emasdir”.
Mazkur oyatdagi “Bular (ular) uchun halol emas va ular bular uchun halol emasdir” jumlasida g‘ayri din erkak muslima ayolga halol emasligi takrorlanmoqda va mo‘mina ayol va mushrik erkak o‘rtasidagi aloqani uzish muhimligi eslatilmoqda. “Ularga sarflagan mahrlarini erlariga (qaytarib) beringiz!” – deb kofir er musulmon bo‘lgan ayoliga sarflagan nafaqasini musulmonlar qaytarib berishlarini buyurmoqda. Alloh taolo aytadi:


وَلَنْ يَجْعَلَ اللَّهُ لِلْكَافِرِينَ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ سَبِيلًا

(النساء:141)

“Alloh kofirlar uchun (qiyomat kuni) mo‘minlarga qarshi sira yo‘l bermaydi” (Niso surasi 141-oyat).
Er uchun xotin ustida valiylik va rahbarlik haqqi bor. Lekin bu haqlar kofir erkak uchun muslima ayolning ustida mavjud emas. Ibn Qudoma aytadilar: “Ilm ahlining ijmosi (yakdil fikri)ga ko‘ra kofir kishi uchun hech qaysi holatda muslimaning ustida egalik yo‘qdir”.
Sunnatdan dalil: Payg‘ambarimiz alayhissalom barcha eri musulmon bo‘lmagan muslimalarni turmushdan ajratganlar. Jumladan, qizlari Zaynabni eri Abul Os ibn Rabi'dan ajratdilar. Keyinchalik u kishi musulmon bo‘lgach, yana qizlarini qaytarib berdilar.
Ijmo'dan dalil: Ulamolar kufr ahlining muslima ayol bilan nikohi botil ekaniga, nikoh mutlaqo bog‘lanmasligiga ijmo qilganlar. Buni Ibn Munzir, Ibn Abdulbar, Ibn Qudoma, Shavkoniy va boshqa ulamolarimiz naql qilishgan.
Aqliy dalil: Muslima ayol kufr ahliga xotin bo‘lish bilan g‘ayridinga itoat qilishi, o‘zini past olishi vojib bo‘lib qoladi. Kofir er uning xo‘jasiga aylanadi. Qolaversa, g‘ayridin muslima ayolning dinini hurmat qilmaydi, balki dini sababli ayolni xo‘rlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Islom shariatiga ko‘ra biror ayol g‘ayri dinga turmushga chiqishi harom amaldir. Agar ayol buni bilsayu, uni o‘ziga halol sanab, o‘zga din vakiliga turmushga chiqsa, u murtad hisoblanadi (Alloh saqlasin). Agar o‘ziga halol sanamasdan turmushga chiqqan bo‘lsa, nikohi botil sanaladi va o‘sha ayol begona erkak bilan zino qilayotgan hukmida bo‘ladi. Vallohu a'lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati. @diniysavollar


Kiritilgan vaqti: 22/09/2020 13:47;   Ko‘rilganligi: 901
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/muslima-ayolning-gayridinga-turmushga-chiqishi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing