O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Hakim Termiziy" ziyoratgohiga tashrif buyurdi

 
 

Surxondaryoning yuragi bo‘lmish ko‘hna Termiz o‘zining boy tarixi, dunyoga mashhur olimu fuzalolari bilan tarix sahifalariga, allaqachon, zarhal harflar bilan bitilgan durdona shaharlar sirasiga kiradi.
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan bu zaminda qo‘nim topgan bir qator allomalarning qadamjolari, maqbaralari obod qilinib, ziyoratgohga aylantirildi.

Bugun mazkur go‘shalar o‘zining salobati va serjiloligi bilan nafaqat yurtimiz, balki xorijlik ziyoratchilarning ham e'tiborini tortmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘hna vohaning gultoji bo‘lgan Surxondaryo dunyoning ko‘zga ko‘ringan olimu ulamolari, jahongashta sayyohlarining tashrif manziliga aylanib ulgurdi.
Mazkur viloyatda davlatimiz Rahbarining tashabbuslari bilan barpo etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, yangidan qurilgan masjidlar va “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan xayrli ishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida, bugun 10 oktyabr kuni, erta tongda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Surxondaryo viloyatiga jo‘nab ketishdi.
Ular manzilga yetib borishgach, o‘z safarlarini ulug‘ bobokalonimiz Hakim Termiziy qabrining ziyorati ila boshlashdi. Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, yurt obodligi, xalqimiz farovonligi, mirishkor dehqonlarimizning hosillariga baraka tilab ezgu duolar qilindi.
Ma'lumki, buyuk mutafakkir ziyoratgohi viloyatdagi eng obod, eng ko‘rkam maskanlardan biriga aylandi. Bu dargohga ziyoratga keluvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar soni ham yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
Muhtaram Prezidentimizning tavsiyalari asosida ushbu qadamjoda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Maqbaraning ichki qismi to‘liq rekonstruksiya qilinib, naqshinkor jilo berilgan, Qur'oni karim oyatlari bitilgan. Natijada, ulug‘ ajdodimiz mangu qo‘nim topgan tabarruk go‘sha nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylandi.
Surxondaryo viloyati safari davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 10/10/2019 15:46;   Ko‘rilganligi: 1092
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/muftiy-usmonxon-alimov-hazratlari-hakim-termiziy-ziyoratgohiga-tashrif-buyurdi
Chop etilgan vaqti: 13/05/2024 00:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing