O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muftiy hazratlari: “Yaqin kunlarda mo‘min-musulmonlarimiz uchun yaxshi xushxabarlar bo‘ladi”

 
 

Avval, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklaridagi bir guruh ulamolar Andijon viloyatiga tashrif buyurishgani haqida xabar bergan edik.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklaridagi ulamolar Andijon shahridagi “Imomi A'zam” jome masjidiga mo‘min-musulmonlar bilan birga-birga peshin namozini ado etish uchun tashrif buyurdilar. Hazratning tashriflarini eshitib, ko‘zlari mehr ila chaqnagan, yuzlari nurli, yoshlari ulug‘ otaxonlar hamda namozxonlar jomega to‘p-to‘p bo‘lib kelishdi.
Masjidni fayzga to‘ldirib turgan namozxonlarga muftiy hazratlari Alloh taboraka va taoloning o‘lkamizga bergan ne'matlari haqida so‘zlab berdilar. Muftiy hazrat so‘zlari bu kunlarni qadrlash, muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan berilayotgan shart-sharoitlar uchun Parvardigorimizga shukronalar aytish, bu ne'matlarning davomli bo‘lishi uchun duolar qilishni so‘zladilar.
Muftiy hazratlari Davlatimiz Rahbari rahnamoliklarida diniy sohadagi o‘zgarishlar, yangilanishlar haqida so‘z yuritib, xususan, Mir Arab madrasasining dunyodagi nufuzini inobatga olgan holda oliy maqomga ko‘tarilgani, 500 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilayotgani, Xalqaro Islom akademiyasi, Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, ilmiy maktablar o‘z faoliyatlari yo‘lga qo‘yilgani, yaqinda tashkil etilgan Imom Termiziy o‘rta-maxsus islom bilim yurti to‘rt yildan keyin oliy bo‘lishi, Imom Buxoriy hazratlariga mos shaklda majmua qayta bunyod etilayotgani, Yetti Pir obod qilinayotgani haqida so‘z qilib berdilar. Mana shunday o‘zgarishlarni keng xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga yetkazish zarurligi to‘g‘risida gapirdilar.
Muftiy hazratlari so‘zlari yakunida Alloh taolo nasib etsa, yaqin kunlarda mo‘min-musulmonlarimiz uchun yaxshi xushxabarlar bo‘lishi haqida so‘z qilib, Haq taolo yurtimizga tinchlik-ofiyat, fayzu baraka va tan-sihatlik so‘rab duolar qildilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 09/06/2021 10:23;   Ko‘rilganligi: 611
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/muftiy-hazratlari-yaqin-kunlarda-momin-musulmonlarimiz-uchun-yaxshi-xushxabarlar-boladi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 13:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing