Muftiy hazratlari Toshkent viloyatiga tashrif buyurdilar

So‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar va bu xayrli ishlarning natijalarini har qadamda uchratishimiz, kuzatishimiz mumkin.
Ana shunday islohotlar bilan yaqindan tanishish, imom-xatiblar bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashish maqsadida bugun, 2021 yil 3 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov Toshkent viloyatiga tashrif buyurdilar.
Toshkent viloyati madaniyat markazida o‘tkazilgan, odatdagidek, Qur'oni karim tilovati bilan boshlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning muftiy bo‘lib saylanganlaridan so‘ng viloyatlarga ilk tashriflarini Toshkent viloyatidan boshlashlarida ham ramziy ma'no bor, albatta. Chunki bu hudud poytaxtga yaqinligi, obod masjidlari ko‘pligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilish avvalida Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Nuriddin domlani mas'uliyatli lavozimga saylanganlari bilan samimiy tabriklab, muftiy hazratning xayrli ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi hamda joriy yilda imom-xatiblar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar haqidagi hisobotni o‘qib eshittirdi.

So‘ngra imom-xatiblarning ish samaradorligini oshirish va ularga tavsiyalar berish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari so‘zga chiqib, diniy soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalar haqida to‘xtaldilar.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Masjidlar bo‘limi mudiri Muhiddin ham so‘zga chiqib, o‘zining taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Tadbirda muftiy hazratlari Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domlaning dinimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlarini munosib rag‘batlantib, tashakkurnoma bilan taqdirladilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining davriy nashrlari – “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2022 yil uchun obunani uyushqoqlik bilan tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Tadbir so‘ngida mazkur nashrlarga 2021 yil uchun obunani eng ko‘p tashkil etgan tumanlar va shaharlar bosh imom-xatiblari “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyining sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 03/11/2021 15:48; Ko‘rilganligi: 1110
Chop etilgan vaqti: 04/11/2025 04:56
		
																				



















