O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muftiy hazratlari Samarqandlik hojilar bilan uchrashdi

 
 

Kecha, 3 avgust kuni Makka shahrida bo‘lib turgan Samarqand viloyatidan Haj safariga borganlar bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari uchrashdi. Uchrashuv Makka shahridagi “Abrojul Hidoya” mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Unda muftiy hazratlari so‘zga chiqib, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etish bilan bog‘liq muhim tavsiyalarni berdi.

Shuningdek, haj ulug‘ ibodat ekani, bunday ulug‘ sharafga yetkazayotgani uchun Alloh taboraka va taologa shukronalar keltirish, har bir ziyoratchi hojilik maqomiga yetishish yo‘lida yuksak ixlos, go‘zal odob va nihoyatda ohistalik bilan harakat qilishi zarurligini alohida qayd etdi. Mana shunday sifatlarga ega bo‘lgan hoji Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bashorat qilganidek, “Hajji mabrurning mukofoti jannatdir” degan ulug‘ maqomga erishishini bayon qildi. 

Yig‘ilishda muftiy hazratlari muhtaram Prezident tashabbusi bilan barcha sohalar qatorida muborak haj safarini namunali o‘tkazish borasida bir qator islohotlar amalga oshirilayotganini gapirib berdi. Ayniqsa, haj safari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishi, qo‘shimcha imtiyozlar berilishi barobarida narx-navoni o‘tgan yillardagiga nisbatan sezilarli darajada arzonlashtirilganini alohida qayd etdi.

Suhbat yakunida muftiy hazratlari Samarqand viloyatida olib borilayotgan barcha xayrli ishlar, jumladan,  diniy-ma'rifiy sohadagi ishlarning rivojini so‘rab hamda viloyatimiz va barcha shahar, tuman hokimlarining, haj ibodatini ado etish niyatida kelgan ziyoratchilar va barcha Samarqand ahlining haqlariga duo qildilar.

 

  

 

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi

 


Kiritilgan vaqti: 04/08/2019 13:14;   Ko‘rilganligi: 1115
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/muftiy-hazratlari-samarqandlik-hojilar-bilan-uchrashdi
Chop etilgan vaqti: 18/06/2024 09:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing