O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muftiy hazrat xalqaro onlayn anjumanda nutq so‘zladilar

 
 

Shu yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan xalqaro onlayn anjumanda ishtirok etib, nutq so‘zladilar.

Onlayn xalqaro anjuman Markaz faoliyatini xalqaro jamoatchilikka targ‘ib qilish, xalqaro ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sohadagi jahonning yetuk olimlari bilan tajriba almashish, Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi, moturidiylik ta'limoti asoslarini jahonga tanitish maqsadida tashkil etildi. Unda o‘zbekistonlik va xorijlik taniqli olimlar, davlat va jamoat arboblari, diniy ta'lim muassasalari, ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ushbu Markaz jamoasi ishtirok etdi.

Unda Prezident maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov, Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom olami xalqaro tashkiloti (ISESCO) bosh direktori, doktor Salim al-Malik, Al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyad, Turkiyaning Diyonat ishlari boshqarmasi raisi professor Ali Erbash, Ibn Xaldun universiteti prezidenti professori Rajab Shenturk kabi nufuzli olim, davlat va jamoat arboblari ishtirok etishdi.

Onlayn anjumanda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ushbu ilmu irfon markazini tashkil etishdan bosh maqsad Imom Moturidiy, Imom Nasafiy kabi mutakallim ajdodlarimiz merosini ilmiy o‘rganish, kalom ilmi maktabi an'analarini qayta tiklash va rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalishda izlanishlar olib borayotgan ilmiy xodimlarga munosib shart-sharoitlar yaratish kabilardan iborat ekanini alohida ta'kidladilar.


Shuningdek, Imom Moturidiyning ibratli hayot yo‘li bilan bog‘liq o‘rganilmagan jihatlarni tadqiq etish, alloma asarlaridagi aqidaviy ta'limotlar hamda adashgan toifalarga qarshi raddiya berish borasidagi ma'lumotlardan keng foydalanish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham asosiy vazifa ekanini muftiy hazratlari qayd etib o‘tdilar.

Shuningdek, anjumanda so‘zga chiqqanlar Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro jamoatchilikka targ‘ib qilish sharafli va mas'uliyatli vazifa ekanini ta'kidlashdi, bu borada yurtimizda olib borilayotgan sa'y-harakatlarni yuksak baholashdi.

Shuningdek, unda Misr, Marokash, Iordaniya, Turkiya, Pokiston, Germaniya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Afg‘oniston, Malayziya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Mavritaniya, Tunis, Hindiston, Bruney va Avstriya kabi mamlakatlardan 50 dan ziyod soha vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari qatnashdi.

Xalqaro onlayn anjuman ishtirokchilari mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashda mustahkam hamkorlik zarurligini ta'kidlab, o‘zaro tajriba almashish, Islom dini niqobidagi oqimlarning g‘oyalari tarqalishining oldini olish borasida qilinadigan ishlar rejasini ham muhokama qilishdi.

Tadbir so‘ngida Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom olami xalqaro tashkiloti (ISESCO) bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Ma'lumot uchun, ushbu markazga Prezidentimizning joriy yil 11 avgustda imzolagan “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan asos solingan edi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 18/12/2020 09:16;   Ko‘rilganligi: 917
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/muftiy-hazrat-xalqaro-onlayn-anjumanda-nutq-sozladilar
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 17:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing