O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muftiy hazrat Falastin elchisini qabul qildilar

 
 

Shu yil 14 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari Falastin elchisi Muhammad Abdulloh Tarshahoniy janoblarini qabul qildilar.
Uchrashuv avvalida muftiy hazratlari elchi janoblariga muftiy vazifasiga saylanganlari munosabati ila yo‘llagan tabrik uchun minnatdorlik izhor etdilar. Muftiy hazratlari so‘zlarida davom etib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Falastin o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p tomonlama hamkorlik ravnaq topayotgani, jumladan, diniy sohadagi aloqalar yanada rivojlanib borayotgani, ikki xalq o‘rtasida asrlar davomida shakllangan rishtalar bugungi kunda ham yangicha mazmun kasb etayotgani hamda o‘tmishda ota-bobolarimiz Falastin yerlariga safarlar qilganlarini alohida qayd etdilar.

Muftiy hazratlari so‘zlarida davom etib, Quddus shahrida joylashgan muqaddas makon – Masjidi Aqso yoxud Baytul Maqdis Makkadagi Masjidul Haromdan keyin qurilgan eng qadimgi masjid ekani, u mo‘min-musulmonlar uchun azizu mukarram ekani, Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu masjidni uch muqaddas masjiddan biri sifatida ta'riflaganlarini keltirdilar.
Elchi Muhammad Abdulloh Tarshahoniy janoblari samimiy qabul va Falastin haqidagi iliq fikrlar uchun tashakkur aytib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan Falastindagi Fatvo va Qozilar uylari hamkorligini tashkil etishni taklif etdi. U Aqso masjidi falastinliklar uchun katta ne'mat ekani, uning omonligi uchun mo‘min-musulmonlar duo qilishlarini izhor qildi. Qur'oni karimdagi “Isro” surasida nafaqat Aqso masjidi, balki uning atrofidagi Falastin yerlari ham muqaddas ekaniga aniq ishoralar borligini bildirdi.
Falastinning O‘zbekistonga o‘xshash jihatlari juda ko‘p ekani, xususan, diniy bag‘rikenglik muhitida bu o‘xshashlik yaqqol namoyon bo‘lishi, turli din vakillari qadim-qadimdan birga yashab kelayotganlarini elchi janoblari misol sifatida keltirdi.

Muloqotda ikki davlatning fatvo markazlari hamkorliklari yaxshi natija berishi, so‘nggi yillarda arab davlatlari elchixonalari, islomiy tashkilotlar bilan aloqalari mustahkamlanayotgani, O‘zbekiston mo‘min-musulmonlari Falastindagi muammolar tinchlik va muzokara yo‘li bilan yechim topishi tarafdori ekani hamda ushbu hududlardagi kishilarga Haq taolodan tinchlik-osoyishtalik so‘rashlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi


Kiritilgan vaqti: 14/12/2021 17:05;   Ko‘rilganligi: 526
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/muftiy-hazrat-falastin-elchisini-qabul-qildilar
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 18:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing