Muftiy hazrat: Din faqat masjidda, musulmonlik esa ko‘rinishda emas!
Bugun, 10 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari poytaxtdagi “Siroj Solih” jome masjidiga tashrif buyurdilar.
Muftiy hazratlari shu kunlarda eng tabarruk ulamolar poytaxtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlarga suhbat qilib berayotganlari, imom-domlalar esa vaqtli namozlarda mav'izalar qilayotganlarini katta ne'matlardan biri ekanini bildirdilar.
Ma'ruza asnosida bugun ayrim musulmon o‘lkalarda notinchliklar bo‘layotgani, muammolar girdobida qolayotgani haqida muftiy hazrat so‘z yuritib, shunday dedilar:
– Islom Alloh taolo tomonidan insonlarning baxtu saodati uchun yuborilgan din. Qayerda notinchlik bo‘layotgan bo‘lsa, bu dinning emas, balki o‘sha yerdagi odamlarning nuqsonidir. Buni dindan, deb bilish mutlaqo noto‘g‘ri. Aslida mo‘min-musulmonlar har bir holatda insoniyatga namuna bo‘lishi kerak. Din faqat masjidda, musulmonlik esa faqat ko‘rinishda bo‘lmaydi. Buyuk alloma Ramazon Butiy rahmatullohi alayh: “Ibodat qilish boru, ammo chin yurakdan Allohning quli ekanimizni his qilish qayerda qoldi”, deya ko‘z yosh to‘kib ma'ruza qilgan ekanlar.
Nega musulmon kishi g‘iybat qiladi yoki ixtilofga boradi? Agar odamlar chin musulmon sifatida Islomning asl mohiyatidan uzoqlashmagan holda hayot kechirsa, eng baxtli ummatga aylanadi, insha Alloh.
Bir paytlar o‘lkamizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar chiqqanini yodga olaylik. O‘sha davrda hamma taqvo bilan yashagan. Inchunun, Imom Buxoriyning otalari olamdan o‘tayotgan chog‘larida o‘zidan qolgan mol-dunyoni faqat farzandlarining ilmiga sarflashni vasiyat qilgan ekanlar. U kishi aytganlarki, mening qoldirgan mablag‘larimda bir dirhamiga ham shubha yo‘q, hammasi halol.
Azizlar, hozirgi kunda odamlar orasida mehr-oqibat kamayib ketmoqda, o‘zaro munosabatlarda, hatto qavmi-qarindoshlar bilan bo‘lgan muomalalarda ham qo‘pollik ko‘payganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Nabiy alayhissalomdan: “Bog‘iylik va siylai rahmni uzishdek kishiga dunyoda azob-uqubatni tezlatadigan Alloh taolo huzurida yomon gunoh yo‘q” (Imom Abu Dovud rivoyati) degan mazmundagi hadisi shariflari vorid bo‘lgan.
Demak, ushbu ikki gunohning azobini dunyoyu oxiratda azobi qattiq ekan. “Bog‘iy” deb zulm qilish, haddidan oshish, tajovuz qilish, adolatli yo‘lboshchi, yurtiga qarshi chiqishga aytiladi. Bugungi kunda mana shu illatning hunik oqibatlarini dunyoning ayrim mintaqalarda kuzatib turibmiz. Atrofdan ko‘ryapmizki, ayrim yurtlarga kelayotgan balolarning sababi bog‘iylik, yurti, vataniga qarshi chiqishdir. Yana biri esa qarindosh-urug‘dan aloqani uzishdir.
Suhbat yakunida, mazkur jome masjid namozxonlariga “Qur'oni karim va o‘zbek tilidagi ma'nolari tarjimasi” kitoblari hadya qilindi va yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilindi.
Kiritilgan vaqti: 11/11/2021 06:27; Ko‘rilganligi: 1001
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:52