Misrdan qarash: AQSH Davlat departamenti O‘zbekiston din erkinligini ta'minlashda ulkan yutuqlarga erishganini e'tirof etdi
Misrning "Al-Xabar al-Yovm" ("Kun yangiliklari") gazetasi "AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonni diniy erkinlikni buzgan davlatlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi" sarlavhasi ostida maqola chop etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo"axborot agentligi.
Maqola muallifi-misrlik jurnalist Fotima Badaviyning xabar berishicha, joriy yil 7 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamentining rasmiy bayonoti e'lon qilindi. Unga ko‘ra Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonni diniy erkinliklar sohasidagi “Maxsus nazorat ro‘yxati”dan chiqardi va shu orqali mamlakat e'tiqod erkinligini ta'minlash sohasida ulkan o‘sishga erishganini e'tirof etdi.
O‘zbekiston endilikda din erkinligi to‘liq ta'minlanadigan mamlakat sifatida baholanadi.
Davlat departamentining qarori asosiy qonun – Konstitusiyamiz qabul qilinganligining 28 yilligi bilan bir kunga to‘g‘ri kelganligi ham chuqur ramziy ma'noga ega. Bu Prezident Shavkat Mirziyoev boshlab bergan fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash hamda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan chuqur demokratik islohotlarning tan olinishidir.
Maykl Pompeo o‘z bayonotida O‘zbekiston hukumatining so‘nggi yilda erishgan “ulkan va aniq o‘sishi” natijasida mamlakatimizning “Maxsus nazorat ro‘yxati”dan chiqarilganligini qayd etdi.
AQSHning Xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Sem Braunbek Davlat kotibining qarori Prezident Shavkat Mirziyoevning e'tiqod erkinligini ta'minlash sohasidagi mustahkam irodasi, uning bevosita rahbarligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli faoliyat, o‘zgarishlar va islohotlarning natijasi ekanligini ta'kidladi, qayd etadi gazeta.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 14/12/2020 15:06; Ko‘rilganligi: 979
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 20:00