O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Misr Bosh imomi shayx Ahmad Muhammad Tayyib boshchiligidagi delagatsiya Samarqanddan jo‘nab ketdi

 
 

“Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidaga xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyib boshchiligidagi delagatsiya Samarqanddan jo‘anb ketdi.

Nufuzli mehmonni Samarqand xalqaro aeroportida kuzatish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.Qosimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi A.Ahmedov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Samarqand viloyat hokimi E.Turdimov, Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov va boshqa rasmiylar ishtirok etdi. Shayx hazratlari xayrlashar ekan O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanayotgani, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini bundanda rivojlantirish uchun say'-harakatlarini ayamasligi, samimiy qabul va e'tibordan cheksiz mamnunligini aytib o‘tdi.

Misr bosh imomi, Shayx Ahmad Toyyib hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahridagi “Chokardiza” qabristonida joylashgan ulug‘ alloma Imom Moturidiy maqbarasini ziyorat qilish chog‘larida ushbu olimga yuksak ehtiromini ko‘rsatib shunday degan edi:

– Bizning ruhimiz Makkai Madinaga intilsa, aqlimiz Samarqandga oshiqadi. Chunki Samarqand ilm-ma'rifat markazi hisoblanadi. Men bu muborak go‘shani ziyorat qilar ekanman, imom Moturidiyga ehtirom sifatida qad rostlagan maqbara va atrofidagi obodonchilikni ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Kelajakda bu yurtda yotgan boshqa olimlarni ham e'zozlab, ularga alohida maqbaralar qurilishi haqidagi Samarqand viloyati hokimining so‘zlari meni juda ham quvontirdi. Olimlarga bo‘lgan bunday e'tibor – O‘zbekiston zaminiga, albatta, qut-baraka va fayz olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro anjuman doirasida  “Al-Azhar” majmuasi rahbariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ezgu tilaklari yozilgan nomasi va Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarining XIII asrga oid nusxasi faksimilesi topshirilgan hamda “Samarqand shahri faxriy fuqarosi” unvoni berilgan edi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi axborat xizmati


Kiritilgan vaqti: 04/03/2020 13:03;   Ko‘rilganligi: 1382
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/misr-bosh-imomi-shayx-ahmad-muhammad-tayyib-boshchiligidagi-delagatsiya-samarqanddan-joanb-ketdi
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing