Mehrga kim ham to‘yadi?
Bugunning gapi
Odamning qorni bir kosa ovqatga to‘yishi mumkin. Juda ko‘p eshitganmiz “qornim rosa to‘yib ketdi”, degan so‘zlarni. Ayniqsa, bugungi ma'murchilik davrida, to‘qchilik zamonida bu oddiy holatga aylanib ulgurdi. Rabbimizga behisob shukrlar bo‘lsin. Lekin “mehrga to‘ydim” degan so‘zni hech qachon eshitmaganmiz. Mehrga kim ham to‘yadi?!
Bu so‘zlarni bejiz keltirmayapman. Bugun shaxsan men mehrga tashna, tinchlikka zor, xotirjamlikka intiq yurtdoshlarimizning yuzu ko‘zlariga boqib, mehr, tinchlik-xotirjamlik qanchalik ulug‘ ne'matlar ekanini yana bir karra his etdim. Shu bilan birga, tinch yurtda, farovon hayotda tanti xalq bilan birga yashayotganim uchun Yaratganga shukronalar keltirdim.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari va bevosita topshiriqlari bilan bugun “Mehr” operatsiyasining navbatdagi bosqichi amalga oshirildi: Suriyaning jangovar harakatlar davom etayotgan qismidan jami 98 nafar yurtdoshimiz – 25 nafar ayol va 73 nafar bola – Vatanimizga qaytarildi.
Qo‘li qonga botgan razil kimsalarning, insoniylik qiyofasini yo‘qotgan odam shaklidagi iblislarning tazyiqlarini ko‘raverib diydasi qotib ketgan, mehrdan asar ham qolmagan ayrim yurtdoshlarimiz yurtimiz zaminiga qadam bosishlari bilan darhol yerni o‘pa boshladilar. Bir zamonlar qahrga to‘lgan nigohlarning o‘rnini mehr, g‘azabga to‘lgan chehralarni quvonch egalladi.
Bu holni bevosita yaqindan kuzata turib, suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning Makka shahridan Madinaga ko‘chib ketayotib, Savr tog‘i tepasida : “Ey ona shahrim Makka! Agar qavmim meni bu shahardan haydab chiqarmaganida, seni aslo tashlab ketmagan bo‘lar edim”, degan muborak so‘zlari xayolimda g‘ujg‘on aylandi.
Rasululloh-ku ona-shahrini majburlikdan tark etganlar. Lekin vatandoshimiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zga diyorlarda o‘z yurtini sog‘inib, ranju alam yutgan, Furqat firoqida kuygan bu aziz Vatanni ayrim yurtdoshlarimiz nima sababdan tashlab ketishgan ekan-a?!
Bugungi holat bizga hazrat Alisher Navoiyning:
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranju g‘urbat havas aylama, degan satrlarini eslatib, ko‘zlarimizdan ham shukr, ham mehr yoshlari quyildi.
Muqaddas Islom – insonparvar, bag‘rikeng din. Insonni, kim bo‘lishidan qat'i nazar, ardoqlash zarur. Bejiz Enus Emro maxluqni, ya'ni insonni Xoliq tufayli yaxshi ko‘ramiz, demagan. Bugun yurtimizda ana shu so‘zning amaldagi in'ikosini ko‘rdik.
Suriyadan keltirilgan yurtdoshlarimiz orasida 14 nafar chin yetimning ham borligi yurak-bag‘rimizni ezib yubordi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Men va yetimni kafilligiga olgan kishi jannatda mana shunday bo‘ladi”, dedilar va ko‘rsatkich hamda o‘rta barmoqlariga ishora qilib, bu barmoqlari orasini bir-biriga yaqin tutdilar” (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Boshqa bir hadisda: “Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi yetimga yaxshi munosabatda bo‘lingan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni yetimga yomon munosabatda bo‘lingan uydir” (Imom Ibn Moja rivoyati), deyilgan.
Demak, shu hadisi sharifdan kelib chiqib aytish mumkinki, 14 nafar ma'sum bolaga boshpana bo‘lgan jannatmonand O‘zbekiston, hech shubhasiz, Yer yuzidagi eng yaxshi ma'vodir.
Odamlarga yaxshilik qilaman, mehr ko‘rsataman deb jonini halokatga qo‘yib bo‘lsa ham urush o‘choqlaridan o‘z yurtdoshlarini sug‘urib olib kelgan qahramonlarimizni, bu xayrli ishga bosh qo‘shgan barcha-barchani Alloh taolo O‘z panohida asrasin. Qilgan savobli ishlarining ajrlarini ko‘paytirib bersin.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 10/12/2020 10:54; Ko‘rilganligi: 1040
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 10:03