Mavludi sharif muborak
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Robi'ul avval oyi munosabati bilan islom dunyosida, xususan yurtimizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ulug‘ nasablari, pok fitratlari, ibrat va hikmat to‘la muborak hayotlarini tarannum etguvchi mavlidi sharif o‘qilishi ezgu an'anaga aylangan.
Bir oy davomida Juma namozlarida masjidlarda Imom Ja'far Barzanjiy rahmatullohi alayh tomonidan Nabiy alayhissalomning tug‘ilishlari, hayot yo‘llari, ahloqlari to‘g‘risida bitilgan, xalq orasida mashhur bo‘lgan “Mavlidi sharif” va o‘zbek tilidagi salovoti shariflar o‘qiladi.
Bugun Samarqand shahridagi “Xo‘ja Nisbatdor” jome masjidida ham Juma namozi oldidan Mavlidi sharif o‘qilib, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovotlar aytildi. Masjid imom-xatibi B.Boboxonov taklifi bilan Samarqand shahar bosh imom-xatibi Zafar Mahmudov, ilm ahillari, ulamolar ham mavludi sharifda ishtirok etib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishning fazilati, tug‘ilishlari, siyratlari, shu bilan birga bu oyda U zotning yuksak axloqlarini ham ko‘proq o‘rganib, amalda qo‘llash haqida gapirib o‘tdilar. Mavludi sharif so‘ngida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimizning omonligi, tinchligimiz barqarorligini so‘rab duoi xayrlar qilindi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 23/10/2020 17:10; Ko‘rilganligi: 1527
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 05:31