Maslahatli to‘y tarqamas
Xalqimiz to‘y va turli munosabatlar bilan o‘tkaziladigan marosimlarni, shodiyonalarni yaxshi ko‘radi. Ne-ne mashaqqatlar bilan yillar mobaynida mehnat qilib topgan mablag‘ini farzandlarining to‘y-xashamlariga deb sarflaydi. Bir jihatdan qaraganda bu kabi mehr-muruvvat tahsinga loyiq. Lekin, nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun bo‘lish, to‘y va marosimlarini boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali qilaman deb farzandlarining baxtini o‘ylamay bir qancha isrof ishlarga qo‘l urib, natijada ko‘ngilsizliklarga uchrash esa achinarli hol.
Kattaqo‘rg‘on shahar, Qoriravot mahallasida yashovchi Rustam aka o‘g‘lini uylantirish, Kunjipay mahallasida istiqomat qiluvchi Ismatullo aka esa qizini uzatish to‘ylari arafasida turibdi. Ushbu oilalarda xursandchilik kunlari. “Qoriravot” jome masjidi imom xatibi Ro‘ziyev Saydullo har ikkala xonadonda bo‘lib, to‘y egalarini muborakbod etdi. Bo‘lajak to‘ylarni ortiqcha sarf-xarajt, dabdabasiz tarzda o‘tkazishga tavsiyalar berdi. “Shariatimiz ko‘rsatmasiga rioya qilgan holda isrofdan xoli, manmanlikka berilmasdan to‘y o‘tkazisla, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga berilmanglar” deb marhamat qilingan so‘zlariga muvofiq ish qilgan bo‘lar edingiz”, deya nasihatlar qildi hamda barpo bo‘lg‘usi oilalar haqqiga duoi xayrlar qildi.
Bizning ham umidimiz to‘ylarimiz ixcham, kamchiqim holda o‘tib, to‘ylari bo‘layotgan yoshlarimizga Alloh taolo baxtu saodat bersin.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 23/10/2019 17:18; Ko‘rilganligi: 1067
Chop etilgan vaqti: 14/09/2024 23:09