Masjidlardagi qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi
Bugun, 28 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov bilan birgalikda Tayloq tumanida joylashgan, hozirda yangi binosining qurilish ishlari jadal davom etayotgan “Sadaqayrog‘och” jome masjidiga tashrif buyurdilar.
Muftiy hazratlari ushbu masjid hududida qad rostlayotgan binoda bo‘layotgan qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirish chog‘ida namozxonlarga qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan o‘zining zarur ko‘rsatma va tavsiyalarini berdilar.
Tashrif davomida Muftiy hazratlari Bulung‘ur tumanida joylashgan “Amir Hamza” jome masjidida olib borilayotgan bunyodkorlik va rejalashtirilgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur masjid binosi yonidan yangi, zamonaviy, namozxonlar uchun qulay shart-sharoitlarga ega bo‘lgan masjid barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda mazkur binoga plastik derazalar o‘rnatish, binoning tom qismini yopish va ichki va tashqi tomonlarida pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu masjidlarimizdagi yangi qurilish ishlarini milliy va zamonaviy me'morchilik an'analariga to‘la mos holda amalga oshirish yuzasidan muftiy hazratlari alohida yo‘nalishlar va tavsiyalar berdilar.
Tashrif so‘ngida muftiy hazratlari mazkur qurilish ishlariga o‘z hissalarini qo‘shayotgan saxovatpesha insonlar hamda ushbu qurilish ishlarida ishtirok etayotgan musulmonlar haqqiga duoi-xayr qildilar.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 28/09/2020 15:27; Ko‘rilganligi: 1182
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:03