O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Langar ota masjidi haqida eshitganmisiz?

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Qashqadaryo viloyatida tarixiy yodgorliklar, me'moriy obidalar, qadamjolar talaygina.

Ularning aksari nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida nom taratgan sayyohlik obyektlari qatoriga kiradi. Ana shunday ziyoratgohlardan biri Qamashi tumanining Langar qishlog‘ida dengiz sathidan ming metr balandlikda barpo etilgan Langar ota masjidi va Shayx Abulhasan maqbarasidir.

Qiziltepa qishlog‘idan 25-30 kilometr olislikda, Hisor tog‘ tizmalari oralig‘idagi Langar qishlog‘ida joylashgan qadimiy masjid ayrim yozma manbalar hamda og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan rivoyatlarga ko‘ra, XIV asr oxirida Shayx Abulhasan asos solgan. U Buxorodan irshod xatini olgach, ushbu manzil tomon yo‘l olgan ekan.

Shayxning piri u kishiga «Mingan tuyangiz uchinchi marta cho‘kkan joyda masjid barpo eting» degan ekan. Tuyasi so‘nggi bor hozirgi Langar qishlog‘i, ya'ni masjidning o‘rniga cho‘kibdi va Shayx Abulhasan shu yerga masjidning poydevorini qo‘yibdi. Mahalliy aholi u kishiga murid bo‘lib, masjid qurilishida ko‘maklashgan ekan.

Ushbu masjidda kufiy xatida bitilgan Qur'oni karimning Yer yuzidagi eng mo‘tabar nusxalaridan biri - Katta Langar Qur'onining faksimili nusxasi saqlanadi.

Masjid 2 ta xonaqoh, 1 ayvon, 4 mehrob, 19 ta ustun va 7 eshikdan iborat. 2 ta xonaqohi katta masjid va kichkina masjid deb nomlanadi. Avval kichkina masjid qurilgan, namozxonlar ko‘payganligi sababli keyinchalik katta masjid va ayvoni qurilgan. Langar ota masjidi islom olami me'morchilik san'ati bilan mahalliy xalq hunarmandchilik uslublari uyg‘unligida barpo etilgan. Bu me'moriy obidani Markaziy Osiyoda yagona desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Masjid tomining balandligi, poydevoriga qo‘yilgan toshlarning ulkanligi, ustun va yog‘ochlarning quchoqqa sig‘masligi uni o‘ta mahobatli qilib ko‘rsatadi. Masjid katta xonaqohining ustuni tepasida hijriy 1362 yil (milodiy 1905 yil)da usta Muhammadiyor tomonidan ta'mirlangani yozilgan. Masjid balandligi 11 metr, bo‘yi va eni 32 metrdan. Masjid shiftiga vassajuft taxlangan. Uning mehrob qismi nozik did va yuksak mahorat bilan bezatilgan.

Mehrob atrofi suls yozuvidagi bitiklar bilan to‘la. Shuningdek, moviy fonga oq rangli yozuvlar bitilgan rang-barang koshinlardan yaratilgan ajoyib mozaika kishi diqqatini o‘ziga jalb qiladi. Bundan tashqari, zarhal devor bo‘ylab ikki xil yozuv: arabcha hamda oddiy naqshga o‘xshab ketadigan noma'lum yozuvlar muhrlangan.

Yuqoridagisi qanday imloligi, bezakmi yo ramziy belgilarmi – ma'lum emas. Qizig‘i shundaki, ular to‘g‘ri chiziqlardan hosil qilingan bo‘lib, ko‘pi svastika shaklidadir. Bunday ramzlar qadimgi turkiy xalqlar buyumlarida, lavhalarda ko‘p uchraydi. Mutaxassislarning fikricha, bu bezaklar Ko‘k turk podsholarining ishoralari, aniqrog‘i davlat ramzlari ekan.

 

O‘zA


Kiritilgan vaqti: 15/09/2020 09:26;   Ko‘rilganligi: 1074
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/langar-ota-masjidi-haqida-eshitganmisiz
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 06:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing