Ko‘ngillarga xushnudlik ulashildi
Jamiyatda mehr-muruvvatga tashna, moddiy-ma'naviy ko‘mak va himoyaga muhtoj bo‘lgan insonlar ham mavjud ekani ma'lum. Dinimiz ta'limotida insoniyatni o‘zaro bir-birlariga yaxshilik qilishga, muhtojlarga yordam ko‘rsatishga buyurilgan.
Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, ana shunday xayrli ishlarni amalga oshiradigan saxovatpesha insonlar jamiyatimizda juda ko‘p uchraydi. Bunday savobli ishlarni diniy soha xodimlari ham amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatmoqda. Jumladan, Urgut tumanida joylashgan “Shayx Muxiddinxon” jome masjidi imom-xatibi N.Tursunov homiylarni jalb qilgan holda “Chorchinor” mahallasida yashovchi, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta'minlangan 4 ta oila farzandlariga yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan maktab kiyimlar, yangi o‘quv qurollari va shunga o‘xshash o‘quv anjomlarini ehson qildilar. Zero, Hadisi qudsiyda: “Qaysi bir inson birovning og‘irini yengil qilsa, hojatini ravo qilsa, Men o‘sha insonning og‘irini oxiratda yengil qilaman, hojatini ravo qilaman”, - deb Parvardigori olam va'da qilgani bayon etilgan. Shunday ekan, biz ularga qo‘limizdan kelganicha xayr saxovat qilaylik. Shuningdek, “Muruvvat” uylariga moddiy yordamlarimizni ko‘rsatib Alloh taolo tomonidan beriladigan ajru-savoblarga ega bo‘laylik. Yuqorida amalga oshirilgan xayrli ishlar sababchilari hamda sohiblarini ham ana shunday ulug‘ savoblarga erishishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.
Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga va yetimlarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 09/09/2020 15:16; Ko‘rilganligi: 1110
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:57