O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Konferensiya ishtirokchilari Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdilar

 
 

Kecha Samarqand shahrida boshlangan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjumanning bugun yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng anjuman ishtirokchilari viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari X.Sattarov va boshqa mas'ullar hamrohligida Imom Buxoriy yodgorlik majmualari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabiga tashrif qildilar.

Imom Buxoriy hazratlarining qabrlari ziyorat qilindi. Qur'oni karim oyatlari tilovati va duo qilindi. Shundan so‘ng mehmonlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishdi. Xalqaro markaz muzeyi va bu yerda saqlanayotgan nodir asarlarni kuzatdi.

Markaz bilan hamohang tarzda bino etilib, o‘tgan o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlagan Hadis ilmi maktabiga ham mehmonlar tashrif buyurishdi. Maktab rektori O.Yusupov nufuzli mehmonlarga ushbu oliy dargoh davlatimiz rahbari tashabbusi bilan islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadi tashkil etilganligi, undagi o‘quv jarayonlarini ishlab chiqishda qadimgi Buxoro va Samarqand madrasalaridagi o‘qitish an'analari joriy qilish bilan birga nufuzli Al-Azhar universitetining tajribasi amalda qo‘llanilayotgani haqida ma'lumot berdi.

Mehmonlar hadis maktabining martabali mehmonlar kitobiga o‘zlarining ta'surot va tilaklarini bildirib, dastxat yozdilar.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi axborot xizmati

 


Kiritilgan vaqti: 04/03/2020 14:47;   Ko‘rilganligi: 1308
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/konferentsiya-ishtirokchilari-imom-buxoriy-majmuasiga-tashrif-buyurdilar
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 05:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing