O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ko‘makka muhtoj insonlar Fond faoliyatidan mamnunlar

 
 

Insonlarning dardini eshitish, mushkulini oson qilish azaldan xalqimizda e’zozlangan yuksak insoniy fazilatlardan.

Ezgu amallar orasida inson qalbini shod etishga yuksak daraja beriladi. Bejizga Navoiy hazratlari ham suyukli payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keltirilgan hadisga quyidagicha bayt bog‘lamagan.

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.

Bir ehtiyojmand insonning dardu tashvishini eshitib, uning ko‘nglini olib, xursand qilish Ka’bani obod qilish bilan barobar deyiladi.

Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Sadriddin R. "Vaqf" xayriya jamoat fondiga ariza bilan murojaat qilgani boisdan, unga nogironlar aravasi sovg‘a qilindi. Bu tortiq esa ko‘ngli o‘ksik insonning g‘ussalardan forig‘ bo‘lishiga sabab bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Hadisda: “Kimki bir musulmonning dunyo qayg‘ularidan bir qayg‘usini yengillashtirsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini yengillashtiradi. Kimki dunyoda bir qiynalgan musulmonning og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Kimki bu dunyoda bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh taolo uning dunyo va oxiratda aybini yashiradi. Madomiki, bir banda boshqa bir bandaga yordam qilsa, Alloh taolodan unga madad yetadi” deyiladi (Imom Termiziy rivoyati).

Shunday ekan ezgu amallarni bajarishda yelkama yelka turaylik, "Vaqf" fondi yurtimiz musulmonlarini sahovatli bo‘lishga hamda har kuni imkon qadar yaxshiliklar qilishga chaqiradi.

Manba: "Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 13/03/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1333
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/komakka-muhtoj-insonlar-fond-faoliyatidan-mamnunlar
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 16:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing