O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Kemtik qalblarga xushnudlik ulashish vazifamizdir

 
 

Ramazon fazilatlarga boy oydir. Uni g‘animat bilib, iloji boricha ko‘proq ibodatu zikr, tilovatu salovat hamda xayr saxovat, beva-bechoralar ko‘ngliga xursandchilik ulashish va buning sababidan ko‘plab ajru mukofotlarga sazovor bo‘lishimiz darkor.

Boshqalarga qilingan xayr-saxovatning ajri qanday ham ulug‘dir. Xususan xayr, saxovat oyi bo‘lmish ramazon oyida bo‘lsa, uning savobi bir necha karrot ziyoda qilib yoziladi. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday deb marhamat qiladi:
“Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir”.
Ko‘ngli siniq, biroz iqtisodiy jihati oqsagan insonga mehr-oqibat ko‘rsatsangiz u Robbisiga chin ko‘ngildan duo qiladi va natijada Alloh taolo sadaqa qiluvchi insonning qalbidagi o‘ylagan maqsadini ato qiladi.
Azaldan muborak ramazon oyi kirib kelishi bilan insoniylik, shukronalik, sabr-qanoat kabi fazilatlarga, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarga alohida e'tibor qaratiladi.
Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov hamda Samarqand shahar bosh imom-xatibi Zafar Mahmudovlar Samarqand shahrida joylashgan 59-son ko‘zi ojizlar maktab internatiga borib, u joyda tarbiyalanayotgan o‘quvchi yoshlarni ramazon oyi bilan muborakbod etdi. Ular bilan suhbat chog‘ida Z.Eshonqulov inson qadr-qimmatining Alloh taoloning nazdida naqadar ulug‘ ekanligi, yoshlik davrining qadri, muborak ramazon oyi fazilatlari to‘g‘risida oyati karima va hadisi shariflardan namunalar keltirdi. Shundan so‘ng 260 nafar tarbiyalanuvchilarga ramazon tuhfalari hadya qilindi. Uchrashuv jarayonida imkoniyati cheklangan o‘quvchilar orasida fan olimpiyadalari hamda madaniy va sprot tadbirlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan g‘oliblarga alohida sovg‘alar taqdim etildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Amallarning eng yaxshisi mo‘min birodaring qalbiga hursandchilik kirgizish yoki uning qarzini uzishda ko‘maklashish, unga biror yaxshi taom berishligingdir” deya marhamat qildilar. Boshimizga soyabon bo‘lib turgan Ramazon oyini shu va boshqa solih amallar bilan ziynatlaylik.
Alloh taolo ushbu savobli amallarga o‘z hissalarini qo‘shgan barcha mo‘min birodarlarimizni ulkan ajrlar bilan mukofatlasin!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 04/04/2022 17:58;   Ko‘rilganligi: 516
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/kemtik-qalblarga-xushnudlik-ulashish-vazifamizdir
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 15:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing