Jizzaxda "Dunyo ulamolari murojaati" nomli kitobning taqdimot marosimi tashkil etildi
Joriy yilning 25 iyul kuni Jizzax viloyat hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi hamda Jizzax davlat pedagogika instituti hamkorligida «Dunyo ulamolari murojaati» nomli kitobning taqdimot marosimi o‘tkazildi. Uchrashuvda viloyat imom-xatiblari, olim va mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili, viloyat bosh imom-xatibi M.Jabborov, bosh imom-xatib o‘rinbosari A.Ataboyev, Jizzax davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi F.Akchayev, Jizzax shahar bosh imomi F.Shayzoqov, Jizzax shahridagi «Jilli-guli» masjidi imomi K.Almatov, Jizzax tumanidagi «Yakka qayrag‘och» masjidi imom-xatibi U.Orolovlar so‘zga chiqib, yangi nashrning ahamiyati, bugungi dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarning mazmun-mohiyati haqida fikr bildirdilar.
Jumladan, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi M.Jabborov o‘z so‘zida yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrab-avaylash, farovon turmushni qadrlab, uni turli tahdidlardan himoya qilish har bir fuqaroning mas’uliyatli burchi ekani, bugun dunyoning ayrim mamlakatlarida amalga oshirilayotgan qo‘poruvchilik va xunrezlik ishlari, ayniqsa, din nomidan sodir etilayotgan vahshiyliklar butun musulmon olamini tashvishga solayotgani, bunday tahdidlarga qarshi kurashda, ularning puch g‘oyalarini fosh etishda mazkur yangi kitob ulkan ilmiy-amaliy ahamiyatga egaligini qayd etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili o‘rinbosari A.Ataboyev yoshlarga terrorchi tashkilotlarning asl qiyofasini ochib berish, bunday yovuz kuchlarning islomga zid g‘oyalarini oyat va hadislar asosida tushuntirishda «Dunyo ulamolari murojaati» kitobi asosiy targ‘ibot manbai bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda Jizzax davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi Farrux Akchayev so‘zga chiqib, Yaqin Sharq mintaqasi va qo‘shni Afg‘onistonda uzoq yillardan beri sodir bo‘layotgan qonli to‘qnashuvlar, bunday beqaror vaziyatni vujudga keltirishdan manfaatdor bo‘lgan kuchlar haqida to‘xtalib, bugungi kunda jamiyatimizda tinchlik va xotirjamlikni asrash, ogohlik va hushyorlikni bir zum bo‘lsada yoddan chiqarmaslik o‘ta muhimligini ta’kidladi. Ma’ruzachi o‘z so‘zida aholini ogohlikka chaqiradigan bu kabi targ‘ibot uchrashuvlarining ahamiyati yuqori ekanligi, imom-xatiblar tomonidan o‘tkaziladigan uchrashuvlar din nomidan harakat qilayotgan buzg‘unchi kuchlarning asl qiyofasini ochib berishda qo‘l kelayotganini qayd etdi.
MANBA: “RELIGIONS.UZ”
Kiritilgan vaqti: 03/08/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3003
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 07:00