Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashmoq – zamon talabi
XXI yuz yillik axborot asri bo‘lib, hozirgi davr avlodi globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan zamonda yashamoqda. Aynan yosh avlod turli ko‘rinishdagi g‘oyaviy xurujlar nishoniga aylangani ham hech kimga sir emas.
Bir tomondan ekstremistik oqimlar faoliyati, boshqa tomondan missionerlar harakati, uchinchi tomondan esa “ommaviy madaniyat” targ‘ibotchilari yosh avlod ongiga sof Islom dini ta'limotiga zid aqidalarni singdirish, muqaddas e'tiqodimizdan ayirish va o‘zbekona milliy va diniy qadriyatlarimizdan voz kechishga chaqirish yo‘lida muttasil faoliyat olib bormoqda.
Buning oqibatida sof Islom ta'limotidan yetarli darajada xabardor bo‘lmagan ba'zi yoshlar ekstremistik g‘oyalarga chalg‘ib, turli jinoyatlarga qo‘l urishmoqda. Ba'zilari, afsuski, ana shunday jinoyatlarning qurboniga aylanmoqdalar. Ayrimlari Islomdek ma'rifatparvar, tinchlikparvar, butun insoniyatga faqat yaxshilikni ta'lim beruvchi dinni arzimagan dunyo matohiga almashib, o‘zga dinni qabul qilishyapti.
Boshqalari esa, g‘arb davlatlarining moddiy taraqqiyoti go‘yoki ularning madaniyatiga asoslangandek xayol qilib, kiyinishda, o‘zini tutishda, hatto fikrlashda milliylik va diniylikka yot usullarni o‘ziga ma'qul ko‘rmoqdalar. Bularning barchasi oxir-oqibat porloq kelajagimizga raxna solyapti.
Islom ta'limotida musulmon kishi e'tiqodga, hur va ozod yashashga, bir so‘z bilan aytganda, sokin hayot kechirishga raxna soluvchi har qanday kuchga qarshi kurashishi lozimligi ta'kidlanadi.
Anfol surasining 60-oyatida bunday amr qilingan: «Ular uchun imkoningiz boricha kuch va otliq bo‘linmalarni tayyorlab qo‘yingiz! Bu bilan Allohning va o‘zingizning dushmaningizni va ulardan o‘zga siz bilmaydigan, lekin Alloh biladigan (dushman)larni ham qo‘rquvga solgan bo‘lursiz. Allohning yo‘lida nimani sarf qilsangiz, sizlarga (uning savobi) zulm qilinmagan holingizda to‘la-to‘kis berilur».
Mazkur oyatning mazmuniga qaraydigan bo‘lsak, tinchligimiz, xalqimizning birdamligi, kelajagimiz umidlari bo‘lmish yoshlarimizning kamolotiga raxna solib turgan g‘oyaviy tahdidlarning oldini olishimiz uchun Alloh taolo bizlarni yigirma birinchi asrdagi g‘oyaviy zug‘umlarga qarshi, millatimiz va dinimiz dushmanlariga qarshi zamonaviy “kuch”ni tayyorlab qo‘yishga buyurmoqda.
Homidjon ISHMATBEKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
Kiritilgan vaqti: 04/02/2021 10:01; Ko‘rilganligi: 1000
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 20:20