O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ixlos bilan xayr-ehson qilgan kishi oyatda va'da qilingan ulkan mukofotlarga erishadi.

 
 

Alloh taolo tomonidan berilgan barcha narsalar bizlarga omonat bo‘lganidek, molu boyligimiz ham omonatdir. Alloh bergan molu dunyoni O‘zi buyurgan joylarga sarflashimiz darkor. Xayru ehson va sadaqa qilishda peshqadam bo‘lishga harakat qilishimiz kerak. Zero Qur'oni karimning juda ko‘p oyatlarida xayr-ehsonning savobi ulkanligi haqida xabar qilingan.

Masalan, Alloh taolo: “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”(Oli Imron surasi, 92-oyat). Yoki boshqa oyatida: “Mol (boylik)larini kechayu kunduz, pinhonayu oshkora ehson qiladigan kishilar uchun Parvardigorlari huzurida (maxsus) mukofotlari muhayyodir. Ularga (oxiratda) xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” (Baqara surasi, 274-oyat), deb marhamat qiladi.

Shu o‘rinda aytishimiz kerakki Urgut tumani “G‘uzni” masjidi imom-xatibi Abduqodir domla Nurmuhummedov boshchilik bir guruh sahovat pesha insonlar parvardigorning huzurida mukofotlarga ega bo‘lish  maqsadida “Mehr saxovat Urgut” nomli jamoaga uyushdilar. Maqsad, ehtiyojmand, kam ta'minlangan oilalar, yetim bolalar va nogironlarga moddiy yordam ko‘rsatish, saxiy insonlarni ushbu xayrli ishga da'vat etish Alhamdulillah hozirgi kunga qadar minglab oilalarni kamchiliklarini bartaraf etishga yordam berib kelmoqda.

Masalan: tumandagi 287 nafar bolajonlarga mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan  tumandagi tadbirkorlar va homiyligi asosida o‘quv qurollari va maktab kiyim boshlar bolajonlarga topshirildi. Bundan tashqari qish mavsumi uchun 50 nafarga yaqin yetim va ijtimoiy ko‘makka muhtoj maktab yoshidagi bolalarga qishgi kiyim kechaklar olib berildi.

Bunday ishlar davom ettirilishi maqsad qilingan bo‘lib, Inshaalloh yana 300 nafar bolajonlarga kiyim bosh olib berish reja qilingan.

Har bir bolaga bosh-oyoq kiyim qilish uchun o‘rta hisobda 820.000 so‘m miqdoridagi mablag‘ homiylar tomonidan yehson qilinmokda.

Shuningdek, tumandagi 5 nafar uy joyga muhtoj oilalarga yangi uylar qurib topshirildi. Bemor va kasalligi bo‘lgan 150 nafar kishilar tumandagi xususiy shifoxonalar hamkorligida davolandi. 500 dan ziyod fuqarolarga dori darmon mahsulotlari olib berildi.

Bitta berilgan xayr-ehsonni evaziga Alloh taolo bir necha barobar ko‘paytirib berishi haqida: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat). Alloh taolo bu misoli bilan qilingan bittagina ehson evaziga bitta emas, balki, yetti yuz va undan ortiq savob berishi mumkinligini bildirmoqda. Ehson qiluvchi kishi bu ehsoni evaziga faqatgina oxiratda ajr olibgina qolmay, bu dunyoda ham mukofotlarga ega bo‘ladi. Yana bir gap, ehsonning ma'nosi yaxshilik qilishdir. Zero, ezgu ishlarga sarf qilinmagan, balki gunoh va ma'siyat, odamlar orasini buzish, o‘rtaga ziddiyat va adovat solishga sabab bo‘ladigan ishlarga mol-mulk sarflash ehson deyilmaydi va u Allohning huzurida qabul bo‘lmaydi. Albatta, ehsonni o‘z joyiga, munosib kishilarga yetim bolalarga, bemorlarga, nogironlarga, muhtoj va talabalarga berish shartdir.

Aziz yurtdoshlar bu maqoladan ko‘zlagan maqsadimiz saxiy insonlarning xayrli ishlarini o‘rnak sifatida ko‘rsatishdir. Aslo ularning bu savobli amallarini shunchaki ko‘z ko‘z qilib, riyoga yo‘yish niyatida emasmiz.

Alloh taolo barchamizni ehson qilguvchi, saxiy va ko‘pchilikka yordami tegadigan kimsalar qatoridan bo‘lishimizni bonasib etsin.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 10/11/2021 09:20;   Ko‘rilganligi: 2309
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ixlos-bilan-xayr-ehson-qilgan-kishi-oyatda-vada-qilingan-ulkan-mukofotlarga-erishadi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing