Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi
O‘zbekistonda BMT Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlanishi bilan bir qatorda uni amalga oshirish bo‘yicha Komissiya tashkil etilgan, deb yozadi O‘zA.
Dasturga muvofiq, O‘zbekistonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar ham tashkil etiladi. Joriy yilning 22—23 noyabr kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, Osiyo qit’asida joylashgan davlatlarning inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi institutlari rahbarlari, huquqshunos olimlar va boshqalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazidan ma’lum qilishlaricha, forumga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Forum davomida ishtirokchilar sessiyalarga bo‘lingan holda tegishli mavzular bo‘yicha muloqot olib boradi. Ularda deklaratsiyada nazarda tutilgan me’yorlar, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarning universalligi, o‘zaro bog‘liqligi, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarni bajarish sohasidagi yutuqlar va muammolar ko‘rib chiqiladi. Inson huquqlari va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda ijro, vakillik va qonunchilik hokimiyati, sud va inson huquqlari milliy institutlarining roli muhokama qilinadi.
Osiyo forumi yakunlari bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan. Unda davlatlar tomonidan xalqaro hujjatlarga muvofiq barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya qilish va himoya qilish borasida samarali tizim yaratishga oid maqsadlar ko‘zda tutiladi.
Osiyo forumi doirasida Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar rahbarlari o‘z mamlakatlaridagi inson huquqlariga oid vaziyatni, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qiladi.
Forum natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Toshkentdagi qo‘shma bayonotini qabul qilish ham rejalashtirilgan.
Manba: “daryo.uz”
Kiritilgan vaqti: 10/11/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1683
Chop etilgan vaqti: 11/10/2024 15:46