O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Imom-xatiblar tashabbusi bilan 16 ming ehtiyojmand oilaga 4 milliard so‘mlik xayriya qilindi

 
 

Ramazon – toat-ibodat oyi bo‘lishi bilan birga saxovat oyi hamdir. Bu paytda mo‘min-musulmon xalqimiz xayriya ishlariga yanada ko‘proq e'tibor beradi. Imom domlalar ham bu oyda saxovatpesha insonlarni ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatishga targ‘ib qiladi, xojatbarorlarga beriladigan ajru mukofotlar xushxabarini ulashadilar.

Bu yil mo‘min-musulmon xalqimiz o‘tgan Ramazon oylariga qaraganda ko‘proq xayriya ishiga bel bog‘lagan. Buni imom-xatiblarimiz tashabbusi bilan saxovatpesha insonlarning haqdor birodarlarimizga qilayotgan yordamlaridan ham bilish mumkin.

Birgina joriy yil 12-25 aprel kunlari, ikki hafta davomida Respublikamiz bo‘yicha 16 mingdan ko‘proq oilaga 4 milliard uch yuz millondan ortiq moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, ikki milliard yetti yuz milliondan oshiq oziq ovqat mahsulotlari, uch yuz millionga yaqin uy-ro‘zg‘or buyumlari, bir milliarddan ortiq kiyim kechak kabi boshqa turdagi mahsulotlar, uch yuz millionga yaqin naqd pul berildi.

Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir” (Ar-Rohman surasi, 60-oyat). Ya'ni, yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir. Oyati karimadagi birinchi yaxshilikni bandalar qiladi. Uning ichiga barcha ezgu ishlar kiradi. Ikkinchi yaxshilik esa Alloh taolo yaxshilik qiluvchilarga beradigan jannatdir.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Eng afzal sadaqa Ramazonda qilingan sadaqadir”. Imom Ahmad va “Sunan” sohiblarining ba'zilaridan qilingan rivoyatda: “Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, u uchun u (ro‘zador)ning ajridan hech narsa kamaymagan holatda bo‘ladi (yoziladi)”, deganlar.

Aziz yurtdoshlar, Ramazon oyining barcha uchun quvonch va sevinch oyi bo‘lishi sari qadam tashlaylik!

Eslatib o‘tamiz, imom-xatiblar tashabbusi bilan Ramazonning ilk haftasida qariyb 2 milliard so‘m xayriya qilingani haqida xabar bergandik.

Alloh taolo imomlarimizning qilayotgan xayrli amallariga ko‘makchi bo‘lsin, ehtiyojmand insonlarga qilinayotgan xayrli ishlarning fayzini bundanda ziyoda aylasin!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 01/05/2021 10:30;   Ko‘rilganligi: 958
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/imom-xatiblar-tashabbusi-bilan-16-ming-ehtiyojmand-oilaga-4-milliard-somlik-xayriya-qilindi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing