O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur

 
 

Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

Bundan  30 yil  muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma'noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berish masalasi kun tartibiga qo‘yilib, bu ish amalga oshirilgan edi. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham tarix saxifalaridan joy olgan bo‘larmidi?!.

Til – millatning ma'naviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga xurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham har bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.

Buyuk ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.

Zayniddin Eshonqulov

Samarqand viloyat bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 19/10/2020 17:36;   Ko‘rilganligi: 2751
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/har-bir-millatning-dunyoda-borligini-korsatadurgan-oyinai-hayoti-til-va-adabiyotidur
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 18:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing