Hamjihatlikda hikmat ko‘p
2017 yil 21 noyabr kuni Nurobod tumanida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlarni ekstremistik kuchlar ta’siridan himoyalash, missionerlikning mohiyat va maqsadlaridan ogoh etish, aholini turli illatlardan himoyalashga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Nurobod iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan tadbirda tuman bosh imom xatibi R.Ravshanov ma’ruza bilan ishtirok etdi.
15 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi, tuman IIB, tuman prokuraturasi vakillari, mahallalar faollari, kollej o‘qituvchi va talabalari qatnashdi.
Tadbirda R.Ravshanov yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, iqtidorini to‘liq namoyish qilishi uchun shart-sharoitlar yaratish, sifatli ta’lim olishlariga erishish, qiziqtirgan savollariga javob topishga ko‘maklashish, o‘quvchilarda diniy ekstremistik g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitet hosil qilishga doir fikrlar yuritib, bu boradagi taklif va mulohazalari bilan bo‘lishdi.
Muqaddas islom dinida inson qadri ulug‘langani, shunday bo‘lgach kishi sha’niga mos ish ko‘rishi, insoniylikka xos bo‘lmagan hatti-harakatlardan tiyilishi lozimligi to‘g‘risida Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar asosida so‘z yuritdi. Yurt tinchligini ta’minlash, barkamol avlodni tarbiyalashda hamjihatlik muhim ahamiyat kasb etishini aytib, hadisi sharifda ham yaxshilik ishlarida o‘zaro hamjihat bo‘lish, bir birini qo‘llab-quvvatlashga chorlanganini ta’kidlab o‘tdi.
Yig‘ilish so‘ngida ishtirokchilarning turli sohalarga doir savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 22/11/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2146
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 12:21