O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

GERMANIYALIKLAR SAMARQANDDA MEHMONXONA QURADI

 
 

5 oktyabr kuni viloyat hokimligida Germaniyaning "RIMC Hotels and Resorts" kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda zarnews.uz sayti xabar beradi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu jarayonda investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, soliq va boshqa imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Samarqandda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar va bunda xorijiy kompaniyalarning ishtirokiga to‘xtaldi.

"RIMC Hotels and Resorts" kompaniyasi boshqaruvchisi Gert Prantnerning ta’kidlashicha, mazkur kompaniya xalqaro mehmonxona tarmog‘i va boshqaruv sohasida faoliyat yuritadi. Ayni paytda kompaniyaning Germaniya, Avstriya, Italiya, Ispaniya, Shveysariya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda mehmonxonalari mavjud.

- Biz boshqa xalqaro mehmonxona tarmoqlari kabi barcha mehmonxonalarni bir xilda emas, balki har bir hududga mos tarzda tashkil etamiz, - deydi Gert Prantner. - Bunda o‘sha davlat va xalqning turmush tarzi, an’analariga, hududning tabiiy iqlim sharoitiga e’tibor qaratamiz. Va albatta, mehmonxona xodimlari ham mahalliy aholidan tanlab olinadi. Biz Samar­qandning dovrug‘iga mos, sayyohlar didiga har tomonlama ma’qul mehmonxona qurishni maqsad qilganmiz. Viloyat hokimligi tomonidan bizning takliflarimiz ijobiy qabul qilinganligidan xursandmiz.

Uchrashuv davomida mehmonlar Samarqandda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Delagetsiya a’zolari Samarqand­ning tarixiy obidalari va boshqa diqqatga sazovor maskanlarida bo‘lib, shahrimizning turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 07/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 787
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/germaniyaliklar-samarqandda-mehmonxona-quradi
Chop etilgan vaqti: 28/09/2020 08:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing