Faol imom xatiblar taqdirlandi
Bugun, 28 avgust kuni Samarqand vakilligi binosida Davlatimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan viloyatimizdagi eng faol imom-xatib, imom-noib va soha vakillarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov tadbirga yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan mustaqillikning 29 yilligi bilan qutlab, masjid faoliyatida xolis xizmat qilayotgan barcha xodimlarga samimiy minnatdorchilik bildirdi. Shundan so‘ng fidokorona mehnatlari, chuqur bilimi, tajribasi, namunali xulqi, fidokorligi bilan Allohning baytiga, dinimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan imom-xatib, imom noiblaridan iborat o‘n nafar soha xodimlari faxriy yorliq va qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlandi. Alloh taoloning roziligi yo‘lida, dinimizning rivoji, Vatanimizning ravnaqi borasidagi barcha solih amallarining husni qabul bo‘lishini so‘rab, duolar qilindi.
Alloh taolo O‘z dinining yer yuzida barqaror bo‘lishini iroda etgan ekan, uni yuzaga chiqarishda ba'zi bandalarini vosita – sabab qiladi. Mana shu sharafli ishga musulmon ummati tanlangan. Allohning diniga xizmat qiluvchilarga, o‘sha dinda mustahkam turuvchilarga oz emas, ko‘p emas, Allohning muhabbati bo‘lar ekan. chunki, Alloh taolo Moida surasida bunday marhamat qilgan:
“Ey iymon keltirganlar! Sizlardan kim dinidan qaytsa, Alloh albatta O‘zi sevadigan va ular ham Allohni sevadigan qavmni keltirur” (54-oyat).
Muborak dinimiz yo‘lida xizmat qilayotgan barcha xodimlarga Allohning O‘zi ajru mukofotlar ato etsin!
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 28/08/2020 15:48; Ko‘rilganligi: 1133
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:38