O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yetimning boshini silash, unga mehribonlik qilish qalbdagi qattiqlikni ketkazadi.

 
 

“Mehrning taftini tuyganmisiz?”

“Biror marta mehrdan to‘yganmisiz?”

Tabiiyki, ko‘pchiligimiz bu savollarni o‘qib hayron bo‘lamiz. Chunki hammamiz ota-onamizning, yaqinlarimizning mehridan to‘yib, jannatmonand Vatanimizning mehri taftini tuyib yashayapmiz. Ya'ni bizlarga mehr begona emas. Allohga beadad shukrlar bo‘lsin.

Islom dinida yetimlarga yordam berish qadrlagan sharafli va nihoyatda savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi. Yetimlarga taom berish, kiyim-kechak ulashish, ta'lim va tarbiya berish eng xayrli ishdir.

Har bir inson hurmat-ehtiromga loyiq. Mehr-muruvvatga tashna, moddiy-ma'naviy ko‘makka muhtoj, ota-onasidan ayrilgan yetimlarga ikki karra ko‘proq mehr ulashish dinimizning asosiy ko‘rsatmalaridan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar:“Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi yetimga yaxshi munosabatda bo‘lingan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni yetimga yomon munosabatda bo‘lingan uydir” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Bejiz Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Men va yetimni kafilligiga olgan kishi jannatda mana shunday bo‘ladi”,dedilar va ko‘rsatkich hamda o‘rta barmoqlariga ishora qilib, bu barmoqlari orasini bir-biriga yaqin tutdilar” (Imom Buxoriy rivoyati), demaganlar.

Shu o‘rinda aytish joiz, Samarqand tumani “Xo‘ja Ahrori Vali” jome masjidi imom-xatibi Yoqubjon domla Mansurov boshchiligida bir guruh sahovatpesha insonlar “Samarqand Muruvvat” nomli jamoaga birlashdi. Bundan maqsad ehtiyojmand, kam ta'minlangan oilalar, yetim bolalar va nogironlarga moddiy yordam ko‘rsatish, saxiy insonlarni ushbu xayrli ishga da'vat etishdir.

Hozirgi kunga qadar jamoa minglab oilalar kamchiliklarini bartaraf etib kelmoqda.

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi bilan viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda Samarqand tumanidagi Pulmug‘ob mahallasida 12 nafar yetim bolalarga yangi uy qurib o‘z egalariga topshirildi.

Darhaqiqat, Alloh taolo yetimni kafillikka olishni yaxshiliklar qatorida sanab shunday degan: “Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga... yaxshilik qilinglar” (Niso surasi, 36-oyat).

Yetimning boshini silash, unga mehribonlik qilish qalbdagi qattiqlikni ketkazadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh solallohu alayhi vasallamga qalbi qattiqligidan shikoyat qildi. Shunda u zot: “Agar qalbing yumshashini xohlasang, miskinga taom ber va yetimning boshini sila!” dedilar. Imom Ahmad rivoyati.

Aziz yurtdoshlar, niyatimiz saxiy insonlarning xayrli ishlarini o‘rnak sifatida ko‘rsatishdir. Aslo ularning savobli amallarini ko‘z-ko‘z qilib, riyoga yo‘yish emas.

Alloh taolo barchamizni ehson qiluvchi, saxiy va ko‘pchilikka yordami tegadigan kishilardan bo‘lishimizni nasib etsin!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 21/12/2021 16:02;   Ko‘rilganligi: 643
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/etimning-boshini-silash-unga-mehribonlik-qilish-qalbdagi-qattiqlikni-ketkazadi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 04:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing