O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash borasida qabul qilingan xalqaro hujjatlarning ahamiyati

 
 

Tinchlik buyuk ne'mat, inson hayotining birlamchi sharti hisoblanadi. Chunki, osuda hayot, yaratuvchanlik va farovonlik, umuman, barcha ezgu maqsadlarning ro‘yobi, eng avvalo, shu ne'matga bog‘liq. Shuning uchun ham qadimdan barcha xalqlar tinchlikni asrash uchun moli-yu joni bilan kurashib kelganlar. Ammo voqelik tinchlikni ko‘plab mamlakatlar uchun hali hanuz orzu bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Hozirda mamlakatlar tinchligiga raxna soluvchi omillar turlicha, davlatlar o‘rtasidagi nizoli vaziyatlar, fuqarolik urushlari, milliy va etnik nizolar, tabiiy ofatlar… Lekin bu omillarning ichida bugungi kunda eng xatarli va har qanday davlat tinchligi, osoyishtaligi uchun jiddiy xavf solishga qodir bo‘lgani ekstremizm va terrorizm ekanini har bir sog‘lom fikrli inson tan olmoqda.

Ekstremizm va terrorizm hozirgi zamonda eng xavfli hamda oqibatlarini bashorat qilish qiyin bo‘lgan hodisaga aylanib ulgurdi. Terrorchilik aktlari begunoh insonlarning bevaqt hayotdan ko‘z yumishi, jamiyat farovonligiga xizmat qiluvchi moddiy va ma'naviy boyliklarning yo‘q qilinishi, kishilarning tinch-osuda kundalik hayot tarzini barbod bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, bugungi tahlikali va murakkab zamonda dunyo bo‘ylab yuz berayotgan keskin vaziyatlar va o‘zaro ziddiyatlar, millatlar va dinlar o‘rtasida turli mojarolarga sabab bo‘lishi bilan birga dunyoda o‘rnatilgan mavjud tartibotlarni ham izidan chiqarmoqda. Shu bilan birga bugungi kunda ektremistik va terrorchilik harakatlarini sodir etayotgan buzg‘unchi guruhlar biror bir davlat yoki mintaqa bilan cheklanmay dunyoning turli hududlarida o‘zaro uyushgan holda faoliyat yuritayotgani kuzatilmoqda. Bu esa, jahon mamlakatlarining ekstremizm va terrorizmga qarshi hamkorlikda kurash olib borishi hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar faoliyatining samaradorligini yanada oshirish masalasini qat'iy qilib kun tartibiga qo‘ymoqda. Bu borada eng muhim masalardan biri xalqaro hamjamiyatning barcha a'zolari ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha kelishuvlarga to‘liq amal qilib, belgilangan majburiyatlarni bajarish hisobalanadi.


Respublikamiz ham xalqaro hamjamiyatning to‘la huquqli a'zosi sifatida ekstremizm va terrorizmga qarshi qaratilgan ko‘plab xalqaro shartnomalarni ratifikasiya qilib, ulardagi majburiyatlarini izchil bajarib kelmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimiz xalqaro minbarlarda ekstremizm va terrorizmga qarshi o‘z tashabbuslarini ilgari surayotganini ham alohida ta'kidlash zarur. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etishi, shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma'rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa ekanini ta'kidlab, «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilish taklifini bildirgan edi. Xalqaro hamjamiyat bu taklifni bir ovozdan ma'qullab, BMT tomonidan “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilindi. “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” to‘g‘risidagi rezolyusiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va e'tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ma'rifat, ta'lim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan ahamiyatlidir.


Ma'lumki, BMTning terrorizmni oldini olish va unga qarshi kurashga qaratilgan 11 ta Konvensiya va 2 ta protokoli mavjud bo‘lib, O‘zbekiston ularning aksariyatini ratifikatsiya qilgan. Jumladan, 1971 yilgi fuqaro aviatsiyasining xavfsizligiga tahdid soladigan noqonuniy aktlarga qarshi kurash; 1973 yilda qabul qilingan xalqaro aktlardan foydalanuvchi shaxslar, shu jumladan, diplomatik agentlarga qarshi jinoyatlar uchun jazolash va ularni bartaraf qilish; 1979 yildagi garovga olish xarakatlariga qarshi kurash; 1999 yildagi terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash kabi bir qator xalqaro konvensiyalar mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan hamda ularda belgilangan majburiyatlarga amal qilib kelmoqda.


Oliy Majlis ratifikasiya qilgan barcha hujjtlarni hukumatimiz tomonidan hayotga tatbiq etish, ayniqsa, Afg‘onistonda tinchlikni ta'minlash borasida olib borayotgan tadbirlari xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etib kelinmoqda. Jumladan, BMTning Xavfsizlik kengashi Aksilterror qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning so‘ngi yillarda terrorizmga qarshi kurashdagi xalqaro hamkorligi yuksak baholanadi.


O‘zbekistonning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi ishtiroki mintaqaviy tashkilotlardagi faoliyatida ham yorqin namoyon bo‘lmoqda. Jumladan Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligi tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti kabi bir qator mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan shartnomalarni bajarishda faol qatnashib kelmoqda. Xususan, SHHT doirasidagi Aksilterror markazining Toshkent shahrida joylashtirilishi ham respublikamizning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashdagi faolligining e'tirofi sanaladi. Zero, O‘zbekiston Respublikasining ektremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha shartnomalarda qatnashishi uning ichki va tashqi siyosatining mantiqiy davomidir.


Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida “uch yovuz kuch”, ya'ni “terrorchilik”, “ayirmachilik” (separatizm) va “ekstremizm”ga qarshi kurashda hamkorlikni rivojlantirish alohida o‘rin tutadi. Tashkilotning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashi doirasida respublikamizning harbiy tuzilmalari terrorchi kuchlarga qarshi harbiy-o‘quv mashqlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.


Bundan tashqari, 2019 yilning 10-11 oktyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida Turkmaniston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston prezidentlari va Armaniston bosh vaziri, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi Ijrochi kotibiyati ishtirokida MDH davlatlari o‘rtasida 2020-2022 yillarda terrorizm, ekstremizm va zo‘ravonlikning boshqa ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi va boshqa hujjatlar qabul qilindi. 2019 yil so‘ngida Yevropa ittifoqining tashabbusi bilan mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan «Jayron» harbiy o‘quv-mashqlarida esa terrorchi kuchlarning harbiy tahdidini talofatlarsiz bartaraf etish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Xususan, unda terrorchilarning kimyoviy va biologik vositalardan foydalangan holda tahdidi yuzaga kelgan taqdirda tinchlikparvar kuchlar tomonidan ularni qanday zararsizlantirish masalalari bo‘yicha tomonlar o‘zaro fikr almashdilar.


Shuningdek, O‘zbekiston dunyoning ko‘plab davlatlari bilan ham ekstremizm va terrorizmga qarshi ikki tomonlama birgalikda kurashish bo‘yicha shartnomalarga ega. Xususan, respublikamiz AQSH, Rossiya, Xitoy, arab-musulmon davlatlari va Markaziy Osiyo respublikalari kabi qator mamlakatlar bilan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.


Shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, BMTga a'zo davlatlar o‘z milliy qonunchiligida ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq holatlarga nisbatan ta'qib qo‘yishlari talab etiladi. Bu haqida BMT Xavfsizlik Kengashining 2005 yil 14 sentyabrdagi Rezolyusiyasining 1-bandida ta'kidlab o‘tilgan. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda O‘zbekiston ham milliy qonunchiligida bir qator normativ hujjatlar bilan ekstremizm va terrorizmning huquqbuzarlik ekanini ta'kidlab, bunday xatti-harakatlarga nisbatan jazo sanksiyalarini belgilagan. Xususan, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qaror va Farmonlari qabul qilindi.

 

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan amalga oshirib kelinayotgan O‘zbekiston Respublikasini 2017–2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, terrorizm, ekstremizm va axborot tahdidlariga qarshi kurashish muhim vazifalar sifatida belgilib qo‘yilgan.
Respublikamizda so‘ngi yillarda ekstremizm va terrorizmga qarshi ma'rifiy yo‘l bilan kurash olib borishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu yo‘lda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ekstremistik oqimlar safiga adashib kirib qolgan, qo‘li qonga botmagan va qilgan ishidan chin dildan pushaymon bo‘lganlarga nisabatan kechirimlilik siyosatini olib borish, yosh avlodni turli buzg‘unchi oqimlar safiga kirib qolishlarini oldini olish bo‘yicha muntazam targ‘ibot ishlarini olib borish dolzarb vazifalar etib belgilangan. O‘z navbatida, mamlakatizmining ekstremizm va terrorizmga qarshi ma'rifiy yo‘l bilan kurash olib borayotgani ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar hamda mustaqil ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda.


Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda ektremizm va terrorizmga qarshi kurashda aholini, ayniqsa, yosh avlodni turli yot oqimlar ta'sirigi tushib qolishlariga yo‘l qo‘ymaslik, ularni internet orqali targ‘ib qilinayotgan turli g‘oyaviy va axborot xurujlaridan himoya qilish bo‘yicha tadbirlar ko‘lamini yanada kengaytirish, terrorizm va ekstremizm g‘oyalariga qarshi yo‘naltirilgan kompleks ilmiy tadqiqotlar va kitoblar tayyorlash va nashr etish hamda bag‘rikenglik g‘oyasi va tinchlikni mustahkamlash masalasini ilgari surish orqali Islom dinining asl mazmun-mohiyati yuzasidan seminarlar va konferensiyalar tashkil etish, ushbu yo‘nalishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada oshirish maqsadga muvofiq. Shundagina yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va bag‘rikenglik muhitini asrash va uni kelajak avlodalarga ham yetkazish imkoniga ega bo‘lamiz.

Maxsudov Davronbek

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori


Kiritilgan vaqti: 24/04/2021 10:56;   Ko‘rilganligi: 957
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ekstremizm-va-terrorizmga-qarshi-kurash-borasida-qabul-qilingan-xalqaro-hujjatlarning-ahamiyati
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 22:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing