O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Dunyo ulamolari murojaati nomli kitob haqida ma’lumot

 
 

Ma’lumki, bugungi kunda dunyoning turli hududlarida, xususan, Yaqin Sharq mintaqasida faoliyat yuritayotgan terrorchi tashkilotlar o‘z safini yangi a’zolar bilan to‘ldirish maqsadida islom ta’limotini buzib talqin qilmoqdalar. Xususan, Iroq va Suriyadagi yerlarni noqonuniy egallab, o‘zini «Islomiy davlat» deb nomlagan terrorchi tashkilot g‘oyaviy targ‘ibotida islom dinining muqaddas manbalari Qur’oni karim va hadisi shariflardan g‘arazli maqsadlar yo‘lida keng foydalanilayotgani kuzatilmoqda. Terrorizmni o‘rganish bo‘yicha nufuzli ilmiy muassasalar va yetakchi olimlarning bergan xulosalariga ko‘ra, radikal g‘oyalarning aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga salbiy ta’sirining oldini olishda islom ulamolarining terrorizm va ekstremizni qoralovchi fatvolari va ma’ruzalari katta ahamiyatga ega.

Ana shu maqsadda dunyoning bugungi kundagi e’tirof etilgan zabardast ulamolari tomonidan islom dinining musaffoligini saqlash, Yaqin Sharq mintaqasida faoliyat olib borayotgan terrorchi tashkilotlarning islomga mutlaqo aloqasi yo‘qligini tushuntirishga bag‘ishlangan fatvolari, ma’ruzalari jamlandi va «Dunyo ulamolari murojaati» nomli kitobi nashr etildi. Islom olamining eng yirik namoyandalari bo‘lmish mazkur ulamolar diniy ekstremizm, terrorizm va radikalizmni butkul qoralaydilar, musulmonlarni oqibati og‘ir bo‘lgan bunday harakatlardan, garchi ular islom nomi bilan atalayotgan bo‘lsada, ogoh bo‘lishga chaqiradilar. Shuningdek, kitobda musulmon kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligi, buzg‘unchi kuchlarning puch g‘oyalariga aldanmasligi uchun zarur bo‘lgan tavsiyalar keltirilgan. Ba’zi yoshlarning Internet tarmog‘ida tashkil etilgan radikal g‘oyaviy targ‘ibot ta’siriga tushib qolayotganini e’tiborga olib, ulamolar tomonidan berilgan zamonaviy media vositalardan foydalanish odoblari bayon etilgan.

Mazkur kitob quyidagi xususiyatlari bilan muhim ahamiyat kasb etadi:
- terrorchilar tomonidan musulmon kishini kofirlikda ayblash, ular yashaydigan hududlarga qurolli hujum uyushtirish, musulmonlarni o‘z yurtini tark etib, terrorchilar safiga qo‘shilishga chaqiruvchi targ‘iboti islom manbalariga zid ekani oyat va hadislar asosida fosh etilgan;
- terrorchilarning faoliyati muayyan siyosiy maqsadlarga yo‘naltirilgani, ushbu jarayonda dindan odamlar ongiga kuchli psixologik ta’sir o‘tkazish, ularni jangari faoliyatga undash, musulmonlar orasida adovat qo‘zg‘ash, o‘zaro dushmanga aylantirish maqsadida unumli istefoda etilayotgani ochib berilgan;
- nomlari keltirilgan shaxslar islom olamidagi eng nufuzli, barcha tomonidan e’tirof etiladigan va katta ta’sir kuchiga ega ulamolardir. Ularning barchasi ahli sunna val jamoa yo‘nalishiga mansub. Shuningdek, kitobda yurtimiz ulamolarining mavzuga aloqador ma’ruzalaridan namunalar keltirilgan.

Kitobdan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, mufiy Usmonxon Alimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurov, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Al-Azhar shayxi Ahmad Tayyib, Misr diyori muftiysi Shavqiy Allom, Jahon musulmon ulamolari kengashi Bosh kotibi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy, yirik islom ulamolari Ramazon Butiy, Abdulloh ibn Bayya, Ali Jum’a, Muhammad Al-Azhariy, Ahmad Muhammad Xalil kabi shaxslarning ma’ruza va fatvolari o‘rin olgan.

O‘ylaymizki, ushbu kitob oqni qoradan, haqiqatni botildan ajratishda, islomning mo‘tadil va muqaddas ta’limotini to‘g‘ri anglashda barcha kitobxonlarimiz uchun katta manfaat yetkazadi.

manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 24/05/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2817
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/dunyo-ulamolari-murojaati-nomli-kitob-haqida-malumot
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 19:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing