O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Diniy idora vakillari xalqaro anjumanda

 
 

2017 yil 2-5 sentyabr kunlari Tatariston Respublikasining Qozon shahrida “Buyuk ipak yo‘li – ma’naviyat yo‘li. Bunyodkorlik. Integratsiya” mavzusida II-Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan ko‘plab din aboblari va olimlar ishtirok etdi. Jumladan, ushbu konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi maslahatchisi Behzod Qodirov va Toshkent islom universiteti prorektori, professor Zohidjon Islomovlar qatnashishdi.

Anjumanda martabali mehmonlar tomonidan mavzu yuzasidan ma’ruzalar qilindi. Vakilimiz Ibrohim domla Inomov ham so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, amalga oshirilgan ishlar, ayniqsa diniy sohada qilinayotgan amaliy ishlar, yurtimizda yetishib chiqqan ulamolar va ularning asarlari haqida gapirib o‘tdi. O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar yig‘ilish qatnashchilari tomonidan yuksak baholandi.

Shuningdek, safar davomida vakillarimiz Tataristonning Bulg‘or shaharida barpo etilgan “Bulg‘or islom akademiyasining” tantanali ochilish marosimida ham ishtirok etdilar.
Anjuman yakunida, bu kabi anjumanlar dunyoda tinchlikni saqlash, uni asrab-avaylash hamda kelajak avlodga ana shunday nurafshon kunlarni me’ros qoldirishda ulkan xizmat qilishi ta’kidlandi.

manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 12/09/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2472
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/diniy-idora-vakillari-xalqaro-anjumanda
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 18:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing