Bulung‘urda saxovatpesha inson 2200 namozxonga mo‘ljallangan masjid qurdi
Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida saxovatpesha insonlar tomonidan yangi masjid bunyod etilmoqda. Bir yarim yillik mehnat yakunlanish arafasida. Masjidning ochilishi kelgusi oyga mo‘ljallangan.
Musulmon olamida masjidlar Alloh taoloning yer yuzidagi uylari sifatida katta mavqega ega bo‘lib, eng pokiza makonlar sanaladi. Masjidlar Alloh taologa eng mahbub maskanlardir. Ularda Alloh taologa ibodat qilinishi sababli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlaridek, «shaharlarning Allohga eng mahbub joyi – masjidlaridir» (Imom Muslim rivoyati).
Bulung‘ur tumanida bundan 30 yil avval hammasi bo‘lib ikkita masjid bo‘lgan. Hozirga kelib, ularning soni 16taga yetgan. Shu kunlarda yana ikkita yangi masjid qurilmoqda. Serqatnov ko‘chaning shundaygina yonginasida, M-39 xalqaro avtomobil yo‘li ustida qurilayotgan masjid diqqatimizni o‘ziga tortdi. Bu “Amir Hamza” jomye masjidi ekan. U 1989 yilda bunyod etilgan va shu kunlarda uning hududida yangi bino bunyod etilayotgan ekan.
Ushbu masjid imomi va ayni paytda Bulung‘ur tuman bosh imom-xatibi Mamadiyor Jamonqulovni suhbatga tortdik. Uning uqtirishicha, eski bino 500 namozxonga mo‘ljallangan ekan. Masjid shundaygina Katta o‘zbek trakti, tunu kun avtomobil harakati to‘xtamaydigan yo‘l ustida joylashgani uchun doimo musofirlar, shu jumladan chet ellik sayyohlar bilan gavjum bo‘lgan va namozxonlar uchun torlik qilgan. Shuni inobatga olib, mahalliy fuqaro Sayfullo Hoji Hayitov o‘zining tadbirkor o‘g‘illari bilan birgalikda “Amir Hamza” jomye masjidi hovlisidagi bo‘sh yer maydonida yangi masjid binosi qurib berish istagini bildirgan.
“Natijada bir yarim yilga ham bormasdan tuman aholisi va mehmonlarimiz uchun zamonaviy masjid binosi qad rostladi, – deydi M.Jamonqulov. – Homiylarimizga qo‘shilib, bu savob ishga bir qator fuqarolar ham o‘z hissasini qo‘shdi. Kimlardir qurilish davomida usta-mardikorlarga yordam ko‘rsatdi, yana kimlardir ularning ovqatidan xabar olib turdi. Bir so‘z bilan aytganda, hamjihatlik natijasida ana shunday katta va ko‘rkam masjid binosi qurildi. Qurilish jarayonlari bilan tanishish maqsadida bir necha bor ushbu masjidga Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov, hamda O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, marhum muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tashrif buyurishgan”.
Biz Sayfullo Hoji Hayitov bilan ham uchrashdik. Suhbatdoshimiz muqaddas dinimizda masjid qurish va uni obod etish eng savobli amallardan sanalishini uqtirib, quyidagi hadisi sharifni keltirdi: “Kim Allohning roziligini tilab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o‘shaning mislini qurib beradi».
Masjidning yangi binosi qurishga nima turtki bo‘lganligini so‘raganimda, Sayfullo Hayitov quyidagicha javob qaytardi: “Katta o‘g‘lim Azamat Toshkentda ishlaydi. Hayit namozlariga kelganida, masjidga odam sig‘may ketganligini ko‘rib, xayrli ishga qo‘l urib, masjid hovlisida bo‘sh yer maydonida yangi bino qurish taklifini bildirdi va buni oilaviy qo‘llab quvvatladik. Xayrli ish o‘tgan yilning iyun oyida boshlangan edi. Bino to‘la qurilib, foydalanish uchun tayyor holga keltirilgan. Biror oy ichida ochamiz. Masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, 2200 namozxonni sig‘dira oladi”.
Qurilish ishlariga xolisona bosh-qosh bo‘lgan Umid Ataxonovning so‘zlariga qaraganda, quruvchi ustalar Andijondan taklif qilingan. Ajoyib gumbaz namanganlik, eshiklar esa samarqandlik qo‘li gul ustalarning ishi ekan.
Endi masjidga “Amir Hamza” deb nom berilganligi haqida. M.Jamonqulov bunga izoh berib, masjid mashhur sahoba – Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ning amakilari Hamza ibn Abdulmuttalib (r.a.) nomlari bilan atalganligini ta'kidladi.
Toshpo‘lat Rahmatullayev,
Samarqand viloyati bo‘yicha o‘z muxbirimiz
Kiritilgan vaqti: 20/09/2021 11:12; Ko‘rilganligi: 1084
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 10:00