O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Bugun qisman Quyosh tutilishi kuzatiladi. Musulmon odam nima qilishi kerak?

 
 

Shu yilning 25 oktyabr kuni Yer yuzi aholisi qiziqarli astronomik hodisalardan biri – qisman Quyosh tutilishini kuzatishi mumkin. Uning umumiy davomiyligi 4 soatdan ortiqroq bo‘lib, O‘zbekistonda 2 soatdan ziyod davom etadi.Quyosh yuzasining deyarli 82 foizi Oy tomonidan to‘siladi, O‘zbekiston hududidan qaralganda — 68 foizi. Quyosh tutilishi Toshkent vaqti bilan 15:23 da boshlanib, maksimal fazasi 16:34 ga to‘g‘ri keladi

Durbin yoki teleskopdan foydalanib zinhor Quyoshga qaramang! Bu ko‘zga zarar yetkazadi. Qurilmalardan foydalanishdan avval ularga maxsus quyosh filtrlarini o‘rnatish kerak, deydi mutaxassislar.

Xo‘sh, musulmon odam bu vaziyatda nima qilishi kerak?

Islom dini quyosh tutilishi xususida nima deydi? 

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, ushbu Alloh yuboradigan oyatlar birovning o‘limi yoki hayoti uchun bo‘lmaydi. Lekin Alloh ularni bandalarini qo‘rqitish uchun yuboradi. Bas, ulardan bir narsani ko‘rsangiz, Allohga zikr va duo qilishga, istig‘for aytishga shoshiling», dedilar».

Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.

Quyosh bilan oy har qancha ulkan, har qancha aniq harakatda, har qancha ko‘p foyda-manfaat berayotgan bo‘lsa-da, ba'zi bir qavmlar e'tiqod qilganlaridek, ular Xudo emas. Balki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek, Alloh taoloning maxluqlaridan ikki maxluq, xolos. Alloh taolo esa o‘z maxluqlarida nimani xohlasa, o‘shani joriy qiladi. Jumladan, xohlagan paytda quyoshni yoki oyni tutiltiradi. Shundoq ulkan narsalar, hatto ba'zi qavmlar xudo deb e'tiqod qiladigan narsalar tutilib, asl holidan boshqa bir holga tushib, holatining yomonlashuvi ojiz bandalarning e'tiborini tortishi kerak. Chunki quyosh va oydagi bu o‘zgarish dunyoning butunlay o‘zgarib ketishiga, qiyomat qoim bo‘lib ketishiga boshlanish bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun mo‘min-musulmonlar quyosh va oyning tutilishini ko‘rishlari bilan Alloh taoloning qudratiga tan berib, U zotga yolvorib duo qilishlari, namoz o‘qishlari kerak. Mazkur duo va namozlar to tutilgan quyosh yoki oy ochilib ketguncha bo‘lishi kerak.

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Quyosh tutilib qoldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam turib, ridolarini sudrab (tezlab) masjidga kirdilar. Biz ham kirdik. Bas, biz bilan to quyosh ochilib ketguncha ikki rakat namoz o‘qidilar». Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilgan.

Sharh: ushbu hadisning boshqa bir rivoyatida, «ushbu namozingizga o‘xshagan ikki rakat namoz o‘qidilar», deyilgan. 

Jumhur ulamolar nazdida kusuf namozi sunnatdir. Hanafiy mazhabi ushbu hadisni olib, kusuf namozi ham boshqa nafl namozlarga o‘xshagan bo‘ladi, deydi.

Alloh taolo xohlasa, bir zumda hamma yoqni ostin-ustin qilib, osiy bandalarni halok qilib, ulardan intiqom olishining osonligini mazkur hodisalardan tushunib olish kerak. 

Shuning uchun mazkurlarga o‘xshash hodisalar sodir bo‘lishi bilan darhol Allohga yolborishga o‘tish kerak. Alloh taoloning zikrini qilib, duolar qilib, U zotga istig‘for aytishga o‘tmoq zarur. Chunki balo-ofatlarga duchor qiladigan ham, ulardan saqlab qoladigan ham Allohning o‘zi.


Kiritilgan vaqti: 25/10/2022 09:22;   Ko‘rilganligi: 572
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/bugun-qisman-quyosh-tutilishi-kuzatiladi-musulmon-odam-nima-qilishi-kerak
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 17:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing