BUGUN: O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BAYROG‘I QABUL QILINGAN KUN
Davlat bayrog‘i mamlakat mustaqilligini belgilovchi timsollardan biridir. U davlatning tuzumini, xalqning mentalitetini, iqtisodiy asoslarini va boshqa muhim belgilarini anglatadi.
Davlatimiz bayrog‘i mustaqilligimiz ramzidir. Bayrog‘imiz davlat idora va tashkilotlari, harbiy qismlarda hilpirab turibdi. Qurolli Kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz davlatimiz bayrog‘i poyida Vatanni ko‘z qorachig‘iday asrash, uni o‘z sha’ni va nomusiday munosib himoya qilishga qasamyod qiladi.
Mana, yigirma yetti yildirki, milliy bayrog‘imiz xalqaro miqyosda mamlakatimiz obro‘-e’tiborini, yurtdoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida hilpirab turgan bayroqlar orasida O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i ham borligi qalbimizda g‘urur va iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdiradi. Shu yurt, shu muqaddas zamin farzandi ekanimizdan faxrlanamiz.
Vatanimiz bayrog‘i bugun ham xalqimiz qalbida vatanparvarlik olovini yoqib, ularni belni yanada mahkam bog‘lashga, millatni erk va ozodlik tug‘i ostida birlashishga chaqirayotgani, da’vat qilayotgani ayni haqiqat. Vatanimiz istiqboli bilan bog‘liq ezgu orzularimiz, kelajakka bo‘lgan komil ishonchimiz bayrog‘imiz timsolida jilolanadi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Manba: zarnews.uz
Kiritilgan vaqti: 18/11/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1842
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 12:38