O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Botil aqidalardan ehtiyot bo‘ling!- Usmonxon MUHAMMADIYEV

 
 

Imom Moturidiy kurash olib borgan botil toifalarning avvalida, shubhasiz, mu'taziliylar turgan. O‘sha paytda mamlakatda mu'taziliylar aqidasi yoyilib borar va ularning safdoshlari kundan kunga ko‘payar edi.

Bunga asosan quyidagi omillar sabab bo‘lgan.

Tarixdan ma'lumki, xalifa Muta­vakkil mu'taziliylar ta'siriga tushib, dastlab ularni qo‘llab-quvvat­la­gan. Keyinchalik esa ularning e'ti­qodi no­to‘g‘riligini tushunib yetgach, ahli sunna aqidasiga qaytgan va mu'tazi­liylar targ‘ib etgan eng xavfli aqi­da – “Qur'oni karim maxluq” degan e'ti­qod botil ekanini e'lon qilgan. Shun­dan so‘ng mu'taziliylar markazdan qu­vilgan. Ularning aksariyati sharqiy mintaqalarga ketganlar. Ayniqsa, ularning peshvolari va katta ta'sir kuchiga ega Abulqosim Ka'biy (vaf. 929 m/317 h), Abu Zayd Balxiy (vaf. 934 m/322 h) Balx­ga kelib o‘rnashib oladi. Balxdan ­turib esa Movarounnahr diyorlariga ta'sir o‘tkazish mumkin edi.

Mu'taziliylarning xavfli jihati shunda ediki, ular aqida masalalarida Qur'on va hadisni tan olishmay, salafi solihlar yo‘lidan og‘ib, faqat aqlga tayanuvchi yo‘lni ishlab chiqqan edilar. Ba'zi o‘rinlarda naqlni bekorga chiqarib, uning hujjat bo‘lishini inkor qildilar. Aqidaviy masalalarning barchasida aqlga tayanib ish ko‘rdilar va bu ishlari bilan musulmonlarga begona bo‘lgan “asolarni” yuzaga chiqardilar.

Imom Moturidiy esa ularning bu us­lubini rad etgan holda birinchi o‘rin­ga naqlni qo‘ydi. Aqlni esa naqliy hujjat­larni tushunishdagi vosita deb bildi.2

Ajdodlarimiz barcha sohada ilmning yuksak darajalariga yetganlar va mavjud muammolarga yechim topishda birinchi galda ilm-ma'rifatdan foydalanganlar. Jumladan, Islom dinining dastlabki bosqichlari sanalgan milodiy VII asrdayoq yuzaga kela boshlagan fikriy bo‘linishlar, aqi­daviy qarama-qarshiliklarga javoban Islom olimlari tomonidan munosib choralar ko‘rilgan va ilmiy bahslar orqali ularning yo‘llari noto‘g‘ri ekani isbot­lab berilgan.

Moturidiylik o‘z davrida aqidaviy buhronlar avj olgan va musulmon ja­miyatining yakdilligi xavf ostida tur­gan bir vaqtda sog‘lom e'tiqod tamo­yillari­ni tartibga solgan va botil qa­rashlarga barham bera oladigan darajadagi kuchli ta'limot sifatida yuzaga keldi.

Ta'limotning yuksak aha­miyati shundaki, Imom Moturidiy Sa­marqandda mavjud bo‘lgan ko‘plab botil firqalar bilan ma'rifat vositasida kurash olib bordi va ularning fikri nima uchun xato va hatto xavfli ekanini aniq ko‘rsatib berdi.3

Hozir yurtimizda “Jaholatga qarshi – ma'rifat” tamoyili ostida olib borilayotgan ishlar ildizi ham ma'rifat negizida qurilgan moturidiylik ta'limoti asoslaridan suv ichmoqda.

Moturidiya ta'limotining aha­miyati bugungi kunda juda yuksak. Aqidaviy ziddiyatlar jamiyatning tanazzulga yuz tutishiga olib keluvchi eng birlamchi omildir. Qora niyatli kuchlar o‘z maqsadlari yo‘li­da erkin harakat qilishlari uchun foyda­lanadigan vosi­talaridan biri xalqlar, millatlar orasiga e'tiqodiy qarama-qarshilik solishdan iborat.

Bugungi kunda ana shunday bo‘linish, millatlar orasini buzib yuborish sin­gari ishlarning eng asosiysi ekstre­mizm ko‘rinishida namoyon bo‘lmoqda. Islom dini niqobi ostida “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” singari chaqiriqlar bilan yovuz maqsadlarini ko‘zlagan kuchlar millatlar orasiga rax­na solishyapti. Dindor, sodda odamlar bu aldovlarga uchib, qo‘llari­ga qurol olmoqda, bir-birlari va tinch aholi umriga zomin bo‘lmoqda.

E'tiqodiy birdamlikning naqadar muhim ekanini anglab yetgan Imom Motu­ridiy ming yil oldin yozib qoldirgan asarlarida to‘g‘ri aqida me'yorlarini belgilab berdi va ular orqali nafaqat Islom olami, balki butun insoniyatni o‘zaro hamhijat yashashga chorladi.

Usmonxon MUHAMMADIYEV,

Imom Buxoriy xalqaro

ilmiy-tadqiqot markazi

Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi

katta ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 11/02/2021 13:29;   Ko‘rilganligi: 667
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/botil-aqidalardan-ehtiyot-boling-usmonxon-muhammadiev
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 11:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing