Bosh imom xatiblar yig‘ilishi o‘tkazildi
2017 yil 13 mart kuni Samarqand viloyat vakilligi hamda shahar va tuman bosh imom xatiblari ishtirokida navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Dastlab ochiq osmon ostida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida qilinadigan ishlar hamda Navro‘z bayrami munosabati bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar xususida yana bir bor maslahatlashib olindi. So‘ng yig‘ilishning asosiy qismiga o‘tildi. Imom xatiblar faoliyatiga tanqidiy nazar ruhida o‘tgan yig‘ilishda viloyat bosh imom xatibi N.Islamov imom xatiblar bugun har doimgidanda faol bo‘lishi lozimligi, birinchi o‘rinda o‘zini, oilasini isloh etishi, boshqalarga haqiqiy peshvo bo‘lishga harakat qilishi lozimligini ta’kidladi.
Imomlar faoliyatida ko‘zga tashlanayotgan ayrim kamchiliklar xususida so‘zlab, ularni tuzatish lozimligi, bartaraf etish yo‘llari haqida maslahat va ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasidan kelgan buyruq va topshiriqlarni o‘z vaqtida sifatli bajarish, Navro‘z bayramini munosib kutib olish va nishonlash, Ramazon oyida xatmi Qur’on o‘tkaziladigan masjidlar va xatmga o‘tadigan qorilar ro‘yxatini shakllantirish, ma’naviyat soatlarini yuqori saviyada o‘tkazish, masjidlarda obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish, yong‘in xavfsizligi choralarini kuchaytirish kabi masalalar muhokama etildi.
Kiritilgan vaqti: 13/03/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2464
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:43