Birodarimizga kelgan musibat bizlarga ham sinovdir...
Alloh taolo O‘z kalomi Qur'oni karimning Baqara surasi 155-156 oyatlarida shunday marhamat qiladi:
“Albatta, sizlarni bir oz xavf va ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz. Va sabrlilarga hushxabar ber. Ular o‘zlariga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, – deganlardir”.
Banda oldida katta mas'uliyat shuki, qiyinchiliklarini ko‘tara olish uchun turli sinovlardan o‘tish kerak. Inson qiyinchiliklarda, sinovlarda toblanadi. Ushbu oyatda o‘sha sinovlardan bazilari sanalgandir:
“Albatta, sizlarni bir oz xavf va ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz”.
Bugungi kunda ko‘pchiligimizning boshimizda bo‘lib turgan sinov bu – oyatda ta'kidlangani kabi jonimizga, salomatligimizga yetgan musibat va biroz iqtisodiy qiyinchilikdir. Mazkur ikki xavfning baravar yetishi sabab ko‘plab birodarlarimiz olamdan o‘tdi, Alloh rahmatiga olsin.
Aslida musibatlar xoh o‘zimizga, xoh birodarimizga yetsin biz uchun sinovdir. Chunki, musulmon o‘zi tinch, hotirjam va salomat bo‘lsayu qo‘shnisi, birodari, qarindoshi, hamkasbi yoki jamoadoshlari bemor bo‘lsa, ulardan xabar olishi uning iymonidan darakdir. Zero, ulamolar “musulmon befarq va loqayd bo‘lmaydi”, deya ta'kidlaganlar.
Alloh taolo bizni keng rizqli, badavlat qilib qo‘ygan bo‘lsayu, birodarimiz qarzdor bo‘lib, ustiga-ustak bemorlik yetib muolaja uchun mablag‘ topa olmayotgan bo‘lsa biz xotirjam uxlamasligimiz kerak.
Luqmoni Xakimdan so‘radilar: “Odamlarning eng yaramasi, eng yomoni kim?” U kishi aytdilar: “Beparvo va loqayd kimsalar”.
Shayx Sa'diy aytadi: “Magar sen o‘zgalarning qayg‘usig‘a loqaydlik ila qarasang, sen inson degan nomg‘a noloyiqsen”.
Mol-mulk, mansab, kuch-qudrat bularning barchasi banda uchun omonat va sinovdir. Qiyomat kuni boy mablag‘idan, mansabdor hukmi va qaroridan, kuchli harakatidan albatta so‘raladi va ularni qayerga qanday sarflaganini javobini beradi.
Islom insonlarni o‘zaro mehr-oqibat va g‘amxo‘rlikka chaqiradi. Dinimiz ta'limotlarining eng olg‘a surgan shiorlaridan biri bu – insonparvarlikdir.
Afsuski, ko‘pincha atrofimizdagilarning vaziyati va holatini to‘g‘ri va holis baholamasdan turib, kimlarningdir fikri yoki o‘zimizning tor qarichimiz bilan o‘lchab hukm chiqarib qo‘yamiz. “Men haqman” deymizu o‘zimiz bilmagan holda (bazan esa qasddan) odamlarga zulm qilib qo‘yamiz.
Bizga yoqadigan, o‘zimiz yaxshi ko‘radigan insonlarga yordam qilib, xushlamaydigan birodarldarimizni chetga surib qo‘yishimiz, ularning mazlum holatga tushishiga hissa qo‘shishimiz eng katta musibatimizdir.
Musulmon kishi Allohga ibodat qilish, insonlarga yaxshilik qilishlik uni ikki dunyo saodatiga olib kelishini yaxshi anglaydi. Unga omonat qilib berilgan yagona fursati bo‘lmish dunyo hayotida, ham dunyosini, ham oxiratini obod qilishga jiddu jahd bilan harakat qiladi. Zero, musulmonlar Alloh taolo tomonidan shunga buyurilgandir.
Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomi Qur'oni karimning Haj surasi 77-oyatida shunday marhamat qiladi:
“Ey, iymon keltirganlar! Ruku' qilinglar, sajda qilinglar va Robbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar – shoyadki, najot topsangiz!”
Hadisi shariflardan birida esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Sizlardan hech biringiz o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsani, birodariga ham ravo ko‘rmaguniga qadar chin iymonli bo‘lmaydi”.
Insonlar va birodarlari xizmatida bo‘lish, ularga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish va hojatlarini ravo qilishda doimo sayu-harakatda bo‘lish qanday saodat. Bu haqda Payg‘amabarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib shunday deganlar:
“Banda modomiki birodari hojatini ravo qilar ekan, Alloh taolo uning hojatini oson qilishda davom etadi”.
Azizlar bu dunyo foniy, hech birimiz dunyoga ustun bo‘la olmaymiz. Qo‘limizdan keladigani faqatgina yaxshilik qilish va savob amallarimizni ko‘paytirishdir.
Insonlar qalbiga quvonch va hursandchilik ulashaylik. Zero, bu ka'bani obod qilishldan ko‘ra ajri ulug‘ amal hisoblanadi.
Saidabror Umarov
O‘MI matbuot xizmati
Manba: Muslim.uz
Kiritilgan vaqti: 14/10/2020 14:06; Ko‘rilganligi: 1543
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 19:49