BAYRAM MUBORAK BO‘LSIN!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu salomlar bo‘lsin.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami – O‘zbekiston davlat mustaqilligining 29 yilligi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va o‘z nomimdan samimiy muborakbod etaman. Alloh taboraka va taolodan barchaga mustahkam sog‘liq, baxtu saodat va fayzu baraka tilaymiz.
Taraqqiyotimizning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Islom dini ma'rifatini keng tarannum etish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini to‘la ta'minlash, masjid-madrasalarni obod etish va muborak dinimizni ravnaq toptirish yo‘lida juda katta ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, inson manfaatlari har narsadan ustun degan ezgu tamoyilga amal qilgan holda xalqni rozi qilish asosiy mezonga aylandi.
Alloh taologa shukrki, bugungi sinovli damlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining ijobiy samarasini berib, pandemiyadan kam talofat bilan chiqilmoqda, fuqarolarimiz odatiy mehnat qilish va yashash tarziga sekin-asta o‘tmoqda. Bunda hukumatimizning uzoqni ko‘zlab ish tutishi va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratishi muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Tarixiy o‘zgarishlar va xushxabarlarni hammamiz ko‘rib, eshitib, bevosita guvohi bo‘lib turibmiz. Bunday xayrli ishlar o‘z-o‘zidan amalga oshmayapti. Bularning zamirida Yaratgan Parvardigorning irodasi ila bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda kunni tunga, tunni tongga ulab mehnat qilayotgan pok niyatli xalqimizning tinimsiz sa'y-harakatlari mujassamdir.
O‘zbekiston atalmish go‘zal zaminda xalqimiz bir maqsad yo‘lida birlashib, Davlatimiz Rahbari atrofida jipslashib yorqin kelajak, yuksak taraqqiyot sari dadil odimlamoqda.
Shunday qutlug‘ sanada Haq taboraka va taolodan barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik yor bo‘lishini, xonadoningizdan fayz-baraka arimasligini va go‘zal diyorimizda doimo xursandchilik ayyomlari bardavom bo‘lishi so‘raymiz!
Usmonxon Temirxon o‘g‘li ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Kiritilgan vaqti: 01/09/2020 12:59; Ko‘rilganligi: 1158
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:34