O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

AXLOQSIZLIK, KASALLIK VA OFATLARDAN SAQLANISH. RUHIY VA NAFSIY TASKIN TOPISH. SOLIH ZURRIYOT QOLDIRISH.

 
 

Nasabni saqlash

Alloh taolo marhamat qiladi:

وَٱللَّهُ جَعَلَ لَكُم مِّنۡ أَنفُسِكُمۡ أَزۡوَٰجٗا وَجَعَلَ لَكُم مِّنۡ أَزۡوَٰجِكُم بَنِينَ وَحَفَدَةٗ

«Alloh sizlar uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o‘g‘illar va nabiralar paydo qildi ...» (Nahl,72).

Insonlar uchun juftini yaratishdan maqsad farzandlar va ulardan nabiralardek ko‘zni quvontiradigan ne'matlarni paydo qilganini bayon etdi. Demak, Alloh taolo ushbu yo‘l bilan insonlarning naslu nasabi davom etishini iroda qildi. Mo‘minlarning oila qurishdan asl maqsadlari ham aynan shunday bo‘lishi lozim.

 

Axloqsizlikdan saqlanish

Payg‘ambarimizning (alayhissalom) ushbu hadislariga yana   murojaat qilamiz:

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- " يَا مَعْشَرَ الشَّبَابِ مَنِ اسْتَطَاعَ مِنْكُمُ الْبَاءَةَ فَلْيَتَزَوَّجْ فَإِنَّهُ أَغَضُّ لِلْبَصَرِ وَأَحْصَنُ لِلْفَرْجِ ". (رواه مسلم)

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim nikohga qodir bo‘lsa uylansin, chunki u ko‘zning tiyilishi va farjning pokligidir...”, dedilar.

Janob Sarvari olamning hadislarini har safar o‘qiganimizda, olam-olam ma'no va mazmun chiqadi. Mazkur hadisda, “ko‘zning tiyilishi” va “farjning pokligi” deya axloqiy jihati ham bayon qilingan. Demak, uylanish va turmushga chiqishdagi hikmatlar kishining axloqiga ham sayqal beradi.

 

Er va xotin hamjihatligi

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- ...والرجل راع في أهله وهو مسؤول عن رعيته والمرأة راعية في بيت زوجها ومسؤولة عن رعيتها... (رواه البخاري)

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Erkak o‘z ahliga rahbar va qo‘l ostidagilardan mas'ul. Ayol erining uyida rahbar va o‘z qo‘l ostidagilardan mas'uldir...”, dedilar.

Islom ta'limoti naqadar go‘zal. Oila mavzuida bayon qilingan ushbu hadis zamirida er va xotinning zimmasidagi burchlari e'tirof etilgan. Ro‘zg‘or boshlig‘i erkak kishi o‘z oilasida rahbar bo‘lib, barcha qo‘l ostidagilar, ya'ni xotini, farzandlarining moddiy va ma'naviy tomondan ta'minotchisi hisoblanadi. Bu muqaddas dargohning sultoni bo‘lmish ota oila a'zolarining barcha zaruriy ehtiyojlarini qondirishi lozim. 

O‘z navbatida, oila deya atalmish mustahkam qo‘rg‘onning bekasi bo‘lgan ayol esa, eri va farzandlarining uy yumushlariga mas'ul. Oila saltanatining vaziri bo‘lmish ona ro‘zg‘or pokizaligi, xonadon yumushlari, ya'ni kiyim-boshlarni tozalash, taomlar tayyorlash va hokazo kabi ishlarga mas'uldir. Shu bilan birgalikda, erining mehnatu mashaqqat bilan topib kelayotgan molu mulkini isrof qilmasdan sarf qilishi va farzandlariga ham buni qadrlashni o‘rgatishi lozim. Ana shunday hamjihatlik va ittifoqlik bilan qurilgan oila mustahkam, tartibli, fayzli va barakali bo‘ladi.

 

Kasallik va ofatlardan saqlanish

قال رسول الله -صلى الله عليه وسلم- "لا ضرر ولا إضرار..." (رواه أحمد وابن ماجه)

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Zarar berish va zararlanish (islomda) yo‘q” , dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).

Kishining biror kimsaga hech qanday yo‘l bilan zarar yetkazishi dinimizda yo‘q. Shuningdek, o‘zi ham zararlanishining oldini olishi lozim. Buning er-xotinlikka qanday aloqasi bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) hadislarida: “Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim nikohga qodir bo‘lsa uylansin, chunki bu ko‘zning tiyilishi va farjning pokligidir...”, dedilar.

Nikoh yoshiga yetgan yigitga turli buzuq yo‘llardan o‘zini saqlashning eng maqbul yo‘li uylanish ekani bayon qilindi. Hadisda aytilgan “farjni saqlovchi” jumlasidan murod o‘zini saqlashga kuchi yetmaydigan kishi uylanmasa, zino qilish xavfi borligidir. Buning oqibatidan kelib chiqadigan dardu balolarni batafsil bayon qilindi. Bunday dardlarga chalingan kishi nafaqat o‘zi, balki oilasiga ham zarar yetkazishi aniq. Kasalligi yuqumli bo‘lsa, eng oldin oila a'zolariga, qolaversa, atrofdagi kishilarga ham ziyon yetkazadi.

 

Ruhiy va nafsiy taskin topish

Alloh taolo marhamat qiladi:

وَمِنۡ ءَايَٰتِهِۦٓ أَنۡ خَلَقَ لَكُم مِّنۡ أَنفُسِكُمۡ أَزۡوَٰجٗا لِّتَسۡكُنُوٓاْ إِلَيۡهَا وَجَعَلَ بَيۡنَكُم مَّوَدَّةٗ وَرَحۡمَةًۚ

«Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir...» (Rum, 21).

Alloh taolo insonni yuksak hikmat ila yaratdi. Kishining tabiati nimaga muhtoj bo‘lsa, halol-pok yo‘llar bilan o‘sha narsaning muqobilini paydo qildi. Erkakni ayolga, ayolni esa erkakka muhtoj qildi. Odam naslining davom etishini ham bu ikki jins vakillarining bir-birlariga qovushishlari, ya'ni er-xotinlik asosiga bog‘ladi. Shu bilan birga, ularni bir-birlaridan ruhiy, nafsiy va jismiy taskinu rohat oladigan qildi.

Erkak kishi uzoq muddat ayoli bilan qo‘shilmasligi oqibatida turli kasalliklar paydo bo‘lishini tibbiyot olimlari ilmiy ravishda isbotlashdi. O‘z o‘rnida, ayol ham ko‘p muddat ersiz yashasa, turli dardlarga chalinishi aniqlandi.

Adolat peshvosi hazrat Umar (roziyallohu anhu) zamonida ushbu masala yuzasidan ham odillikni o‘rnatgan. Din dushmanlari bilan bo‘ladigan g‘azotlar ba'zida bir necha oy davom etar, unda qatnashib uzoq muddat oilasidan olisda bo‘lgan askarlarning uyida qolgan xotinlari muammolari hazrat Umarni tashvishga solardi. Bu muammoni yechish maqsadida Hafsa onamizdan ayollarning bu boradagi sabrlari cho‘qqisi haqida so‘radi. Hafsa onamiz, bunday holda ayollar nari borsa to‘rt oy sabr qila olishini aytdi. Shundan keyin Mo‘minlar amiri har to‘rt oyda askarlarni almashtirib turishga qaror qilib, bu borada ham odillikni yo‘lga qo‘ydi.

Yolg‘izlik holati ushbu muddatdan oshsa, sabrsiz va diyonatsiz ayol bo‘lsa, zinoga qadam qo‘yish ehtimoli bor. Agar ayol sabru bardoshli, ibo-hayoli bo‘lsa, bu muddat o‘tishi bilan ayollarga xos kasalliklar vujudga kelishi ehtimolini tabobat ahllari ta'kidlashgan. Demak, er-xotinlikning manfaatli tomonlaridan biri har tomonlama bir-birlaridan taskin va halovat olish, buning asosida turli kasalliklardan saqlanishdir. 

 

Solih zurriyot qoldirish

عن سعيد بن أبي هلال أن النبي صلى الله عليه و سلم قال: " تناكحوا تكثروا فإني أباهي بكم الأمم يوم القيامة ". (رواه عبد الرزاق في مصنفه)

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uylaninglar, nasl qoldiringlar, ko‘payinglar, bas, men qiyomat kuni sizlardek ummat (ko‘pligi) bilan faxrlanaman”, dedilar (Imom Abdurrazzoq rivoyati).

Ushbu hadisda Muhammad (alayhissalom) halol yo‘l bilan nasl qoldirish, ko‘payishga targ‘ib etib, bunday komil e'tiqodli ummatlarning ko‘pligidan faxr qilishlarini aytganlar. 

Shu bois ota-ona o‘z farzandiga oilaning fazilat va hikmatlarni tushuntirishi, nikohda avvalo, Parvardigor rizosi borligi va Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) targ‘iblari, uni ikki dunyo baxtu saodatini ko‘zlab amalga oshirishni uqtirishi lozim. Ana shunda farzand aqlli va nafsiga hokim, shayton gapiga uchmaydigan, inson sha'niga dog‘ tushiradigan buzuqliklardan uzoqda bo‘ladi.

Ba'zan ayrim badavlat otalarning noto‘g‘ri fikrlari quloqqa chalinadi. Ular fikricha, voyaga yetgan farzandga moddiy yordam yoki ma'naviy ko‘mak berish shart emas. Ushbu yoshdagi har bir farzand o‘zi ishlab mablag‘ topishi va topgan mollari hisobidan uylanishi yoki xohlagan maqsadda ishlatishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu fikr zamirida otaning xasis va johilligi ko‘zga tashlanadi. Bunday fikr dinimiz ta'limotiga zid.

Hazrat habibur Rahmon (sollallohu alayhi vasallam) hadislarida ota-onaning farzandi oldidagi burchlaridan biri farzand voyaga yetganda o‘g‘il bolani uylash, qiz bolani esa turmushga chiqarish ekani aytilgan.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, o‘ziga xos “tarbiyaviy uslub” qo‘llamoqchi bo‘lgan, aslida molu davlatni farzandlaridan ham qizg‘anadigan ota bu “tarbiya”sining ortidan ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadi.

Birinchidan, farzand pul topish maqsadida turli ko‘cha-kuylarga kiradi. To‘g‘rimi, egrimi, qing‘irmi, qiyshiqmi, qaysi yo‘l bilan bo‘lsada pul topish yo‘lini izlaydi. Bu yo‘lda unga birovning haqini yeyishmi, o‘g‘rilikmi, noqonuniy tijoratmi, farqi yo‘q. Chunki farzand nazoratsiz qolgani oydek ravshan. Tarbiyasiga mas'ul bo‘lgan ota esa e'tiborsiz.

Ikkinchidan, farzand ko‘zlangan boylikni qay yo‘sinda bo‘lsada topdi, deylik. Ana endi, topgan davlatini yaxshilikka sarflashi amrimahol. Molu davlat topilganidan keyin, farzand ota maslahatiga quloq solmaydi. Otaning “noyob uslubi” shunday “ish” beradiki, oqibatda toshbag‘ir, mehrsiz va ziqnalik borasida ota va farzand yo‘llari birlashadi. Ammo ota-bola o‘rtasidagi hurmat-e'tibor, qadr-qimmat, mehr-muhabbat, biror ishda maslahat solish, birdamlik borasida yo‘llari ayro-ayro bo‘lib, bunday fazilatlardan mosuvo qoldi.

Shuning uchun har bir ota-ona o‘z dilbandiga baxillik va xasislik qilmasdan, mollarini ularning hayot yo‘llari chiroyli yo‘lga tushguncha isrof qilmasdan sarflagani maqbul. Zotan, har bir insondan keyin uy-joyiga egalik qiladigan, uni eslab duo qiladigani ana shu farzandlari bo‘ladi. Shu bois, har bir mo‘min kishi Alloh ato etgan davlatni kimga va nima maqsadda sarflashi lozim ekanini chuqur anglashi zarur.

Bu borada janob Faxrul koinotning (sollallohu alayhi vasallam) muborak hadislariga murojaat qilamiz:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « دِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ فِى سَبِيلِ اللَّهِ وَدِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ فِى رَقَبَةٍ وَدِينَارٌ تَصَدَّقْتَ بِهِ عَلَى مِسْكِينٍ وَدِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ عَلَى أَهْلِكَ أَعْظَمُهَا أَجْرًا الَّذِى أَنْفَقْتَهُ عَلَى أَهْلِك». (رواه مسلم)

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh yo‘lida ehson qilingan dinor, qul ozod qilish uchun sarf qilingan dinor, miskinlarga sadaqa qilingan dinor, ahlingga nafaqa qilingan dinorlarning eng savobi kattasi ahlingga nafaqa qilganingdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ota-onaning navbatdagi vazifasi o‘g‘liga odobu iffatli, Yaratganga itoatli soliha qizni tanlashdir. Shu bois mo‘min doimo Allohdan xushxulq ayol va undan dunyoga keladigan farzandning salohiyatli bo‘lishini so‘rab, ushbu duoni o‘qiydi:

رَبَّنَا هَبۡ لَنَا مِنۡ أَزۡوَٰجِنَا وَذُرِّيَّٰتِنَا قُرَّةَ أَعۡيُنٖ وَٱجۡعَلۡنَا لِلۡمُتَّقِينَ إِمَامًا٧٤

«...Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko‘z quvonchini baxsh et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin» (Furqon, 74).

Oqila qizni uyiga kelin qilgan ota-onaning o‘g‘li birinchi kecha kelin huzuriga kirganida, nimaga e'tibor berish kerak, degan savol bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun bu borada dinimiz ta'lim bergan odoblarni bayon qilamiz.

Birinchi, kuyov kelinning boshiga qo‘lini qo‘yib: “Bismillahir rohmanir rohim”, deb uning haqiga duo qiladi.

عن عمرو بن شعيب عن أبيه عن جده عبد الله بن عمرو: - عن النبي صلى الله عليه و سلم قال ( إذا أفاد أحدكم امرأة أو خادما أو دابة فليأخذ بناصيتها وليقل اللهم إني أسألك من خيرها وخير ما جبلت عليه . وأعوذ بك من شرها وشر ما جبلت عليه ). (رواه ابن ماجه)

Ibn Moja va Abu Dovud rivoyat qiladi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Agar biringiz uylansa, kelinning peshonasidan ushlab: “Allohning ismini (tasmiya) aytsin va bunday deb barokotli duo qilsin: “Parvardigoro, men sendan uning va unga yaratilgan narsaning yaxshiligini so‘rayman. Uning yomonligi va unga yaratilgan narsaning yomonligidan panoh tilayman”, dedilar».

Ikkinchi, kelin-kuyov ikkovi ikki rakat namoz o‘qib, Allohga duo qilishi mustahabdir.

Abu Shayba Shaqiqdan rivoyat qiladi: Abu Hariza ismli kishi: “Men bir joriyaga uylandim. U menga g‘azab qilishidan qo‘rqaman”, dedi. Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu): “Albatta, yaxshi ko‘rish Allohdan va nafratlanish shaytondan. U shayton sizni Alloh halol qilgan narsaga nafrat qilishga undaydi. Xotiningga ortingda ikki rakat namoz o‘qishni buyur va: “Parvardigor, meni o‘z ahlimda marhamatga sazovor qilgin va ahlimni mendan marhamatga sazovor qil. Parvardigoro, bizni yaxshilikda birlashtir, agar  ajratsang, yaxshilikda ajrat”, deb ayt.

Uchinchi, kuyov kelinga muloyim muomalada bo‘lishi, shirinlik, ovqat va xushta'm ichimliklar – shirin choy, sut yoki sharbat olib kirishi mustahabdir.

عن أسماء بنت يزيد قالت: إنى قينت عائشة لرسول الله -صلى الله عليه وسلم- ثم جئته فدعوته لجلوتها فجاء فجلس إلى جنبها فأتى بعس لبن فشرب ثم ناولها النبى -صلى الله عليه وسلم- فخفضت رأسها واستحيت. (رواه أحمد)

Imom Ahmad “Musnad” asarida rivoyat qiladi. Asmo binti Yazid aytdi: “Oyshaning (roziyallohu anho) yuzini ochish uchun ziynatlab bezadim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning yoniga katta idishda sut olib keldilar. Undan ichdilar, so‘ngra Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) uni Oyshaga uzatdilar. U boshini pastga egdi va hayo qildi...”

عن عائشة : قالت قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: إن أكمل المؤمنين إيمانا أحسنهم خلقا وألطفهم بأهله. (رواه الترمذي)

Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyat qiladi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Mo‘minlarning imoni mukammali va xulqi yaxshisi ahliga mehribonidir”, dedilar.

عن عائشة قالت : قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: خيركم خيركم لأهله وأنا خيركم لأهلي. (رواه الترمذي)

Imom Termiziy rivoyat qiladi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) “Sizlarning yaxshilik qiluvchilaringiz o‘z ahliga yaxshingiz va men sizlarning ahliga eng yaxshilaringizdirman”, dedilar.

Turmushning ilk paytlaridagi yaxshi muomala, shubhasiz, noqulay holatda, hadiksirab turgan bokira qizni bir oz o‘ziga keltirib, muhitga moslashtiradi. Shu bilan birga, ko‘nglida eriga nisbatan bir umrlik muhabbat, sadoqat va vafodorlik hislari kurtak otishiga yordam beradi.

To‘rtinchi, jinsiy yaqinlik paytida kelin-kuyov liboslaridan to‘la xoli bo‘ladi, lekin yopinchiq ostida bo‘lishi afzaldir. Bu esa hayoli bo‘lishga undovdir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar:

عَنْ يَعْلَى أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَال:َ إِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ حَلِيمٌ حَيِيٌّ سِتِّيرٌ يُحِبُّ الْحَيَاءَ وَالسَّتْرَ... (رواه أحمد وأبو داود)

Imom Ahmad, Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta Alloh taolo hayoli va berkituvchidir, hayo va berkitishni yaxshi ko‘radi”, dedilar.

Albatta, bu hadisdan ko‘zlangan hikmat ko‘p. O‘z jufti bilan kishi to‘laligicha rohatlanishi joiz, biroq avratni bemalol ochish durust emas. Sababini navbatdagi hadis izohlaydi:

عن ابن عمر : أن رسول الله صلى الله عليه و سلم قال إياكم والتعري فإن معكم من لايفارقكم إلا عند الغائط وحين يفضي الرجل إلى أهله فاستحيوهم وأكرموهم. (رواه الترمذي)

Imom Termiziy rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Yalang‘och bo‘lishdan saqlaning, chunki sizlardan ajralmaydigan (farishta)lar bor. Qazoi hojat va kishi ahliga yaqinlik qilayotgan vaqtdagina joiz. Bas, ulardan (farishta) hayo qiling va ularni (farishta) hurmat qiling”, dedilar.

Beshinchi, qo‘shilishdan oldin kuyov yaxshi so‘zlar bilan kelinning ko‘nglini xushnud qiladi.

قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: " لا يقعن أحدكم على امرأته كما تقع البهيمة ، وليكن بينهما رسول " قيل وما الرسول يا رسول الله ؟ قال " القبلة والكلام ". (رواه أبو منصور الديلمي في مسند الفردوس)

Abu Mansur Daylamiy “Firdavs” asarida rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam):

– Kishi xotini bilan hayvon kabi qo‘shilmasin. Xotini va o‘zi o‘rtasiga elchi yuborsin.

– Elchi nima?

– O‘pich va so‘z.

Shuningdek, hadislarda er va ayol qo‘shilish asnosida lazzat va yengil bo‘lishi uchun xotin bilan muvofiq bo‘lishi lozimligi bayon qilingan.

Imom G‘azzoliy bunday bayon qiladi:

“Er ehtiyojini qondirgach, ayolga ham nafsini qondirishga imkon bersin. Chunki ayolning inzol bo‘lishi ko‘pincha kech bo‘ladi. Uning inzol bo‘lmasligi esa aziyat. Er xotinni inzol qilishi har xil bo‘lishi, muvofiq bo‘lmasligi, ya'ni er xotindan oldin inzol qilishi o‘rtada nafratni keltirib chiqaradi. Inzolning muvofiq kelishi esa ayolga orom baxsh etadi...”[1].

Oltinchi, qo‘shilishdan avval er ushbu duoni o‘qiydi:

عن ابن عباس رضي الله عنهما قال: قال النبي صلى الله عليه و سلم (لو أن أحدهم إذا أراد أن يأتي أهله قال باسم الله اللهم جنبنا الشيطان وجنب الشيطان ما رزقتنا فإنه إن يقدر بينهما ولد في ذلك لم يضره شيطان أبدا). (رواه البخاري)

Imom Buxoriy Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Birontangiz o‘z ayoli bilan qo‘shilsa, «Bismillahi, Parvardigor, bizni shaytondan va shaytonni bizga rizq qilib berganingdan chetlatgin” desa, o‘rtada farzand bo‘lsa, unga shayton abadiy zarar yetkazmaydi», dedilar.

Yettinchi, er ayoli bilan xohlagan shaklda jinsiy yaqinlik qilishi mumkin, faqat farjga bo‘lishi shart.

Alloh taolo bunday deydi:

نِسَآؤُكُمۡ حَرۡثٞ لَّكُمۡ فَأۡتُواْ حَرۡثَكُمۡ أَنَّىٰ شِئۡتُمۡۖ

«Xotinlaringiz sizlar uchun ziroatgohdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan jihatingizdan kelaveringiz ...» (Baqara, 223).

Oyatda aytilgan ziroatgoh bu xotinning jinsiy a'zosi. Er xohlagan shaklda qo‘shilishi mumkin, faqat aynan ziroatgoh qasd qilinishi shart.

Sakkizinchi, yaqinlik qilishdan oldin tahorat qilish mustahab. Ulamolarimiz ushbu hadisni keltirganlar:

قال النبي صلى الله عليه و سلم: إذا أتى أحدُكم أهلَه ثم أراد أن يُعاود فليتوضأْ فإنه أنشطُ للعَودِ. (رواه ابن حبان والحاكم)

Imom Muslim va Abu Dovud rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Agar birontangiz o‘z ahliga yaqinlik qilsa, so‘ng yana yaqinlik qilishni xohlasa, ikkisi o‘rtasida tahorat olsin. Chunki u qaytishga rag‘batlantiruvchidir”, dedilar.

To‘qqizinchi, er va xotin qo‘shilgandan keyin g‘usl qilishga shoshishi afzal. Agar erinsa, uxlashdan oldin tahorat qilish mustahab.

Agar uxlab yoki erinchoqlik qilib, biror namozini qazo qilishi xavfi bo‘lsa, g‘usl qilib yotish afzal. Mabodo uyqu g‘olib kelgan taqdirda ham, tahorat qilib yotish zarur. Ammo shu alfozda uxlab, g‘usl qilgunicha namoz vaqti o‘tib ketsa, gunohkor bo‘ladi.

O‘ninchi, er-xotin bir yerda g‘usl qilishi joiz.

عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ كُنْتُ أَغْتَسِلُ أَنَا وَرَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- مِنْ إِنَاءٍ وَاحِدٍ تَخْتَلِفُ أَيْدِينَا فِيهِ مِنَ الْجَنَابَةِ. (متفق عليه)

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qiladi: Oysha (roziyallohu anho) aytadi: “Janobatdan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga bir idishdan g‘usl qilardik. Idishda qo‘llarimiz bir biriga tegardi”.

 

KEYINGI MAVZULAR:

Er va xotin quyidagilardan ogoh bo‘lishi lozim.;

Nafsni saqlash;

Alloma Ali Tantoviy nasihatlari;

Farzandga jinsiy tarbiyani ochiq bayon qilish;

 

[1]. “Ihyo ulumid din” kitobi 2-juz, 50-bet.


Kiritilgan vaqti: 18/02/2021 09:47;   Ko‘rilganligi: 1157
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/axloqsizlik-kasallik-va-ofatlardan-saqlanish-ruhiy-va-nafsiy-taskin-topish-solih-zurriyot-qoldirish
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 23:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing