O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“Asrlar qa'ridan taralayotgan yog‘du” mavzuida islomshunos olimlarning xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi

 
 

“O‘zbekiston – Buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” madaniy meros haftaligi doirasida 25 avgust kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Asrlar qa'ridan taralayotgan yog‘du” mavzuida islomshunos olimlarning xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi.

Xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov ochib, haftalik uning doirasidagi tadbirlarda xorijdan nufuzli mehmonlar, taniqli olim va ekspertlar qatnashayotgani dunyo hamjamiyati mamlakatimiz madaniy merosiga katta qiziqish va alohida e'tibor bilan qarashidan dalolat ekanini, anjuman nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Yevrosiyo qit'asi uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

Tashkil etilgan ushbu anjuman Prezident Shavkat Mirziyoevning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida so‘zlagan nutqida ta'kidlanganidek, Markaz “Dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ma'rifat va madaniyatlarni o‘zaro boyitish masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishda samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi”ning yaqqol dalili bo‘lgani alohida qayd etildi.

IRCICA, UNESCO kabi xalqaro tashkilotlar va qator davlatlardagi fanlar akademiyalari vakillari, nufuzli islom tadqiqot markazlari olimlari, nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar saqlanayotgan kutubxona fondlari rahbarlarining ma'ruzalari tinglandi.

Tadbir doirasida “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitob-albomlarning Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi obidalarga bag‘ishlangan navbatdagi – 14-15-jildlari taqdimoti hamda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zYEOAVMA) va BBC o‘zbek xizmati hamkorligida suratga olingan “Katta langar Qur'oni: sirlar va haqiqatlar” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

“Kitobat san'ati va kitobdagi san'at: Movarounnahr qo‘lyozma merosi” sho‘basida “O‘zbekistonning boy va xilma-xil yozma merosi – jahon islom qo‘lyozmalarining muhim qismi”, “O‘zbekiston madaniy merosi Xudo Baxsh sharqshunoslik kutubxonasi to‘plamlarida”, “O‘zbekiston madaniy merosi Rizo Rampur kutubxonasi to‘plamlarida”, “O‘rta Osiyo Kembridjda”, “Hindiston Milliy muzeyidagi qo‘lyozmalar to‘plamida hind-o‘zbek merosi”, “O‘zbekiston madaniy merosi Islom davri ilmiy qo‘lyozmalari ko‘rinishida: tadqiqot, hujjatlashtirish va saqlash”, “Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxonasida O‘zbekiston madaniy merosini aks ettiruvchi qo‘lyozmalar”, “Movarounnahr qo‘lyozma merosi Rampur Rizo kutubxonasida: To‘tinoma va boshqa manbalarga kirish”, “Alisher Navoiy asarlari Buyuk Britaniya kutubxonalarida”, “Ulug‘bek – O‘rta asrlar osmonidagi yulduz”, “Movarounnahr miniatyurachi rassomlarining qog‘ozdan foydanalish amaliyoti”, “Temuriylar davri kitobat san'ati”, “Iskandar Maqduniy haqida o‘rta asrlardagi afsonaviy tasavvurlar”, “Islom sivilizatsiyasi rivojida Markaziy Osiyo xalqlarining o‘rni va ahamiyati”, “Kelajakni barpo etishda tarix saboqlari: Movarounnahr oltin asridan nimalarni olish mumkin?” kabi bir-biridan qiziqarli mavzularga oid ma'ruzalar tinglandi.

“Islom olami arxitektura va san'ati – jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi” deb nomlangan ikkinchi sho‘bada olim va ekspertlar “Qadimgi Gandhara hududidagi Buyuk ipak yo‘li merosi: Shimoliy Pokistondagi masjid kitoblari va qabr toshlari”, “Ko‘z o‘ngimizdagi muqaddas kitobat: O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar”, “Buxoroning qadimgi va o‘rta asrlardagi merosi va O‘zbekiston-Amerika ekspeditsiyasining Buxorodagi tadqiqotlari” kabi mavzularda ma'ruza qildi.

Ilm-fan va madaniyatga oid yangi topilgan tarixiy ma'lumotlar, turli dalillarga zamonaviy yondashuv bilan berilgan sharhlar tufayli anjuman g‘oyat qizqin munozaralar tarzida o‘tdi.

Mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishdi, muassasa muzeyidagi eksponatlar va kutubxonasidagi nodir asarlarni ko‘zdan kechirdi. Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.

Manba: bukhari.uz


Kiritilgan vaqti: 27/08/2019 17:23;   Ko‘rilganligi: 1271
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/asrlar-qaridan-taralayotgan-yogdu-mavzuida-islomshunos-olimlarning-xalqaro-konferentsiyasi-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 03/03/2024 16:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing