O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Allohning masjidlarini obod qiluvchilar

 
 

Jomboy shahrida joylashgan “Islomobod” jome masjidi 1990-1995 yillar davomida hashar yo‘li bilan barpo qilingan. Masjidning hajmi 18,0 m x 360,0 m.ga teng. Uning qurilishida o‘sha davrdagi masjid imom-xatibi Tursunqulov domla Abdurahmonovning ko‘p xizmatlari singan.

2000 yildan buyon “Islomobod” jome masjidiga Xayrulloh domla Sattarov imom-xatiblik qilib kelmoqda. Kezi kelganda shuni aytish lozimki, domla masjid imomligi bilan birgalikda 2017 yilga qadar Jomboy tuman bosh imom-xatibi vazifasida ham xizmat qildi. 2017 yildan hozirgi qadar Samarqand viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari vazifasida ham ishlab kelmoqda.

Hozir “Islomobod” jome masjidining tashqi ko‘rinishini yanada ko‘rkamlashtirish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Milliy me'morchiligimiz an'analariga ko‘ra xonaqoh ustida katta gumbaz barpo qilindi. Yana ikkita kichik gumbaz o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Masjidning kirish qismiga ayvon bino etilib, devorlari g‘ishtparchin va naqshinkor koshinlar bilan qoplanmoqda. Yurtimizga qadam ranjida qilayotgan sayyohlar avvalo tarixiy obidalar, muqaddas qadamjo va masjidlarimizni ziyorat qilmoqdalar. Obod va go‘zal maskanlarni ko‘rib, har bir insonning ko‘ngli yayraydi. Kundan kun obod masjidlar soni ziyoda bo‘lib borayotgan bir paytda “Islomobod” masjidining qayta ta'mirlanib, namozxonlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish va masjidni shinam maskanga aylantirish maqsadida harakat qilayotgan masjid jamoasi va bu savobli ishga o‘z hissalarini qo‘shayotgan saxiy kishilarga Alloh taolo ko‘plab ajru mukofatlarini bersin. Alloh taolo masjidlarni obod qiluvchilar haqida shunday dedi: “Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar” (Tavba surasi, 18-oyat).

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 25/10/2019 16:52;   Ko‘rilganligi: 1716
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/allohning-masjidlarini-obod-qiluvchilar
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 12:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing