Nikohni buzish islomda qoralanadi
Jamiyat oilalardan tarkib topadi, oilalar baxtli bo‘lsa, jamiyat ham baxtli bo‘ladi. Oila va jamiyat tushunchalari bir-biriga bevosita chambarchas bog‘liqdir. Shunday ekan, kelajagi porloq jamiyat qurish uchun uning negizi bo‘lgan oilani ma'nan sog‘lomlashtirish talab qilinadi. Islom manbalarida oilani mustahkamlashga qanchalik chaqirilgan bo‘lsa, uni buzilishidan shunchalik qaytarilgan. Iqtisodiy yetishmovchilik, g‘iybat, tuhmat, turli gap-so‘zlar sabab yuzaga keluvchi oilaviy kelishmovchilik, sabrsizlik, yengil hayot ishtiyoqida nikohni buzish islomda qattiq qoralangan. Bu borada hadisi shariflarda: “Halol va ruxsat etilgan narsalarning ichida Alloh taologa xush kelmaydigani – taloqdir”, deb ta'kidlangan.
Samarqand shahar “Lahutiy” jome masjidi xodimlari mahalla faollari bilan “Oltin asr” mahallasida yashovchi bir oilaning barbod bo‘lishini oldini oldi. Oiladagi ayrim vajlar tufayli guldek oila vayron bo‘lishi mumkin edi. O‘z vaqtida jamoatchilik, mahalla va masjid jamoasi ushbu masalaga e'tibor qaratib, ularning orasini isloh etdi.
Darhaqiat, jamiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan oilalarni asrash, buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, farzand tarbiyasi uchun munosib muhit va shart-sharoit yaratish yurt istiqbolini belgilovchi muhim omillardan ekanini unutmasak, jamiyat farovon, farzandlar baxtli bo‘ladi, albatta.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 13/11/2019 10:40; Ko‘rilganligi: 1030
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:06