O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

ALLOH AZZA VA JALLA KECHIRIMLI ZOT

 
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni imzolangan edi.

Farmonga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazo o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 575 nafar fuqaro afv etildi.

Ularning 361 nafari jazodan to‘liq ozod qilinib, ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bag‘riga qaytariladi, shuningdek, 214 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish jazo muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 nafarini ayollar, 1 nafarini chet el fuqarosi tashkil etadi.

Ularning 12 nafari Samarqand viloyatidan. Kecha Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov huquq-tartibot idoralari, hokimliklar, jamoatchilik vakillari, deputatlar ishtirokida ana shu shaxslar bilan suhbatlashdi. Avf etilgan Samarqandliklarning asosiylari yoshlar edi. Viloyat hokimi avf etilgan shaxslar bilan birma bir suhbat qilar ekan, ularning dilidagi samimiy gaplarini eshitdi. Jumladan, jazoni ijro etish muassasasida mebelsozlikni o‘zlashtirgan fuqaro tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, mebel sexi ochish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Samarqand Davlat Universitetida o‘qish va arab tilini o‘rganish istagini bildirgan yoshlar ham bo‘ldi. Viloyat hokimi tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yuvchilar uchun hech qanday badalsiz kredit mablag‘lari ajrtalishi, o‘qish istagida bo‘lganlarga esa repetitor ko‘magi tavsiya etilishi va salomatligini tiklash zarurati bo‘lganlar yuzasidan tegishli tashkilot va mas’ullarga topshiriqlar berdi. Avf etilganlarning ijtimoiy moslashuvi, foydali mehnatga jalb etilishi va sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish yuzasidan mas’ullarning vazifalari belgilandi.

Xalqimizda “Beayb Parvardigor” degan hikmat bor. Inson xatodan holi emas. Odamlar bir-birlarining xatolarini kechirishi, tuzatishi ularning oliyjanob xulq egasi ekanidan dalolat beradi. Kechirish qalblarimizni gina-kuduratlardan, xafagarchilik va ozorlardan saqlaydi.

Muqaddasi dinimzda ham kechirimlilikning fazilati madh etilgandir. Abu Mojid at-Taymiydan rivoyat qilinadi: “Islomda birinchi o‘ldirilgan yoki musulmonlar ichida birinchi bo‘lib o‘ldirilgan kishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib kelindi. Shunda kimdir “Ey Allohning Rasuli, bu odam o‘g‘rilik qilgan” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni eshitib qattiq qayg‘uga botdilar, hatto bu hol yuzlaridan bilindi. Ba’zilar: “Sizga nima bo‘ldi, ey Allohning Rasuli?” deb so‘rashdi. U zot: “Sizlar sohibingizga qarshi shaytonga yordamchilik qilib turganingizdan keyin meni hech narsa to‘solmaydi. Alloh azza va jalla kechirimli zot. U kechirishni yaxshi ko‘radi. Bir ishga rahbar bo‘lgan odamning oldiga hadga loyiq kimsa keltirilsa, unga hadni qoim qilmasligi joiz emas” deb “...Balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag‘firatli va rahmlidir” oyatini o‘qidilar”. Imom Ahmad rivoyati.

Davlat rahbari farmonda qayd etganidek, jinoyat sodir etgan shaxslarni faqat jazolash emas, balki “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida qayta tarbiyalash, ularning o‘z halol mehnati bilan jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun barcha birdek mas’ul.

O‘MI samarqand viloyat vakili Zayniddin domla Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 07/06/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1164
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/alloh-azza-va-jalla-kechirimli-zot
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 23:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing