2024 yilning navbatddagi sayyor yig‘ilishi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi
Bugun, 2024 yil 23 yanvar kuni navbatdagi sayyor yig‘ilishi Samarqand shahrida tashkil qilindi. Shahardagi mavjud 23 ta masjid imom-xatib, imom-noib hamda masjid xodimlari hamrohligida viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom xatiblari hamda iqtidorli imom-xatiblar va ularga hamroh sifatida Haj-2023 tadbirlarida muborak ziyoratga borib kelgan bir qancha hojilar shahardagi 23 ta masjid hamda ularning hududlaridagi mahallalarga tarqalib, joylarda aholining IHM, janjalli, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor va shu kabi toifadagi oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar.
Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda viloyat ishchi guruhi Samarqand shahridagi 23 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Oilaning qadriga yetaylik”, “Missionerlar xataridan ogoh bo‘lish va aslo muborak islom dinidan voz kechmaslik”, “Shukronalik”, “Ota-onaga hurmat”, “Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaylik”, “Isro va Me'roj”, “OAVdan to‘g‘ri foydalanish”, “Birovning haqqidan qo‘rqaylik”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborli bo‘laylik”, “Tinchlik-eng oliy nemat”, “Qo‘shnichilik haqlari”, “Ne'matlarga shukronalik”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va shu kabi bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.
Ushbu tadbir davomida umumiy o‘rganilgan xonadonlar va o‘tkazilgan uchrashuvlar soni quyidagini tashkil qildi:
- Imom-xatiblar tashrif buyurgan mahallalar soni: 23 ta. Shundan 8 tasida muammolar borligi aniqlandi va barchasi ijroga yo‘naltirildi;
- Kam ta'minlangan oilalarga tashrif: 115 ta. Barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi hamda boshqa yo‘nalishdagi muammolari hamkor tashkilot masullari bilan birgalikda ijroga yo‘naltirildi.
- Nogironligi bor va kasalmand 8 nafar fuqarolar holidan xabar olindi. Shundan barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi.
- Notinch oilalarga tashrif: 2 ta. Ularning ikki nafarining oilasidagi kelishmovchilik isloh qilindi, 1 tasi nazoratga olindi;
- Ichkilikka ruju qo‘ygan 1 nafar fuqaro bilan suhbat o‘tkazildi. Tushuntirish ishlari davomida ushbu fuqarolar qilayotgan ishining oqibatlarini to‘g‘ri tushunib yetganligini aytib o‘tdi;
- Uyushmagan yoshlar bilan 6 ta MFYda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 100 nafarga yaqin uyushmagan yoshlarning ishtiroki ta'minlandi.
- Shahardagi 23 ta masjidda Peshin namozi o‘qilib, yig‘ilgan namozxonlarga dolzarb mavzularda ma'ruzalar qilindi. Unda 2 000 nafardan ziyod namozxonlar ishtirok etishdi.
- Yuqorida aytib o‘tilgan xonadonlarga ko‘rsatilgan jami moddiy yordam miqdori: 23 000 000 so‘mni tashkil qildi.
Viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov shahardagi “Namozgoh” jome masjidida masjidning idoraviy hujjat yuritish ishlari bilan yaqindan tanishib, mavjud kamchiliklar va ish jarayonini yanada jadallashtirish bo‘yicha o‘z tavsiya va topshiriqlarini berib o‘tdi. Shundan so‘ng, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov mazkur jome masjidda shaharda rasmiy faoliyat olib borayotgan mahalla mullolari va otinoyilar bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, aholi orasida keng tarqalayotgan bid'at xurofotlarni to‘xtatishda qilinishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar, aholi bilan yaqindan ishlash, faoliyatlariga mas'uliyat bilan yondashish va shu kabi masalalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi. Shundan so‘ng, mazkur masjid hududidagi kam ta'minlangan va IHM oilalar holidan xabar oldi hamda ularga ehsonlar tarqatdi. Mazkur tadbirlardan so‘ng, Xayrullo domla “Namozgoh” jomesida jamoat bilan birga Peshin namozini ado etdi. Namozdan so‘ng jamoatga “Shukr qilish - ziyodalikdir” mavzusida mazmunli ma'ruza qilib berdilar.
- Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Samarqand shahridagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik hamda muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
- Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 23/01/2024 20:03; Ko‘rilganligi: 978
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:25