“Yil imomi–2024” tanlovining Samarqand viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning amaldaga oshirilayotgani yangi ochilayotgan masjidlar, madrasalar, “Qur'oni karim va tajvid” o‘quv kurslari, umra kvotasi olib tashlangani, haj kvotasi oshirilgani va yana boshqa ko‘plab islohotlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Shunga monand tarzda xalqimizning ham ma'rifati yuksalib, saviyasi oshib, muqaddas dinimizning sof ta'limotidan yaxshigina xabardor bo‘lib boryapti. Bu esa imom-xatiblarimizdan o‘z ustida tinimsiz ishlash, izlanish, ko‘p kitob mutolaa qilish, zamon bilan hamnafas yashashni talab etmoqda.
Tabiiyki, bu jarayonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan har yili an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yil imomi” ko‘rik-tanlovi imomlarning bilim saviyasi, tajribalari yanada oshishida, malakalari mustahkamlanishida, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun Samarqand viloyat vakilligi majlislar zalida “Yil imomi –2024” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, taniqli imomlar, ustozlar, hakamlar hay'ati a'zolari hamda tanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan imomlar ishtirok etdi.
Qur'oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirni viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov ochib berdilar.
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay'ati tomonidan baholab borildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar “Yil imom–2024” tanlovining Samarqand viloyati bosqichi g‘olibi deb topildi:
I o‘rin: Zafar domla Maxmudov, Samarkand shahar bosh imom-xatibi hamda “Xo‘ja Abdu Darun” masjid imom-xatibi;
II o‘rin: Najmiddin domla Hamzayev, “G‘o‘s” masjidi imom-xatibi;
III o‘rin: Musaxon domla Majidxonov “Chovka” masjidi imom-noibi.
Tadbir so‘ngida g‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi va VAQF xayriya jamoat fondi viloyat filiali tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Yil imomi – 2024” ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyati bosqichi g‘olibi tanlovning respublika bosqichida qatnashadi.
Fursatdan foydalanib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan vakilimizni tanlovning respublika bosqichida muvaffaqiyat qozonishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 14/09/2024 17:25; Ko‘rilganligi: 385
Chop etilgan vaqti: 27/03/2025 06:30