Urgut tumanida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Bugun, 2024 yil 26 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan navbatdagi sayyor yig‘ilish Urgut tumanida o‘tkazildi. Tadbirlar oldidan viloyat vakilligi xodimi X.Temirov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o‘zining kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Xasan domla Temirov Urgut tumani bosh imom-xatibi A.Hasanov hamrohligida tuman markazidagi “Mo‘lla Shodi bobo” jome masjidi hududidagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi. Qolgan bosh imom-xatiblar va iqtidorli imom-xatiblar ham taqsimot asosida tumandagi 31 ta masjid imom-xatiblari va noiblari hamda 2023-2024 yillarda Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida 31 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining IHM, nogironligi bor, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Urgut tumanidagi 30 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Qo‘shnichilik odoblari va haqlari”, “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”, “Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va boshqa, bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.
Viloyat vakilligi xodimi Hasan domla Temirov Urgut tumanidagi “Mulla Shodi bobo” jome masjidida tumanda rasmiy faoliyat olib borayotgan mahalla mullolari va otinoyilar bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, aholi orasida keng tarqalayotgan bid'at xurofotlarni to‘xtatishda qilinishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar, aholi bilan yaqindan ishlash, faoliyatlariga mas'uliyat bilan yondashish va shu kabi masalalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi. Shundan so‘ng, Hasan domla “Mulla Shodi bobo” jome masjidida jamoat bilan birga Peshin namozini ado etdi.
Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Urgut tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat vakilligi mutaxassisi Hasan domla Temirov va Urgut tumani bosh imom-xatibi A.Hasanovlar bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, yaqinlashib kelayotgan Qish mavsumiga barcha masjidldarni tayyorlash va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
\
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 26/11/2024 23:21; Ko‘rilganligi: 232
Chop etilgan vaqti: 27/03/2025 05:25